Tog‘da dam olish barcha uchun foydali
-
Sochi shahridagi «Roza Xutor» dam olish maskaniga tashkil etilgan press-turning ikkinchi kuni jurnalistlar Olimpiya shaharchasi bilan tanishdi.
Olimpiya shaharchasi olimpiya tog‘ chang‘i trassalari tushgan Aibga tog‘ tizmasining shimoliy yon bag‘rida joylashgan. Bayroqlar xiyobonida 2014 yilgi Olimpiadada ishtirok etgan barcha mamlakatlar bayroqlari joy olgan. O‘shanda O‘zbekiston sharafini uch nafar sportchi: figurali uchish bo‘yicha - Misha Gyo, tog‘-chang‘i sportida Kseniya Grigoreva va Artem Voronov himoya qilgan edi.
OAV vakillari mahalliy tabiat va tog‘ manzaralari bilan uyg‘un rangda bo‘yalgan go‘zal mehmonxonalardan o‘tib, tabiiy mineral suv manbasiga ega «Roza Springs» sanatoriyasiga tashrif buyurdi. Bu yerda aholiga yozda sanatoriya-dam olish, qishda esa sport yo‘nalishidagi xizmatlar ko‘rsatiladi. Sanatoriyda Preventiv tibbiyot klinikasi faoliyat ko‘rsatadi. Tibbiyot muassasasi bosh shifokori o‘rinbosari Yelena Sidorova press-tur ishtirokchilarini klinika faoliyati bilan tanishtirdi.
Salomatlik markazida ham sog‘likni tiklash uchun ko‘pgina qulayliklar mavjud. Xususan, bu yerda suv terapiyasi, karboksiterapiya, ksenono- va kinezoterapiya, Iyashi Dome moduliga asoslangan detoks-seans kabi davo usullari taklif qilinadi. Shuningdek, markazda vaakumli suvosti massaji, samuraylar va kreol massajlari, vodorod ingalyatsiyasi kabi davolash muolajalarini olish mumkin.
Rossiyadagi ilk xiling-mehmonxona «Green Flow» - Shimoliy Kavkazning ajoyib tog‘ yon bag‘rida joylashgan xushmanzara joy. Bu yerda mehmonlarga laboratoriya va instrumental diagnostikadan o‘tish, mahorat darslari va meditatsiyalarda qatnashish, skandinaviya usulida yurish va yoga bilan shug‘ullanish uchun imkoniyatlari ham yaratilgan.
Sport haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda keyingi yilning oktyabr oyida to‘rt kunlik xalqaro marafon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Marafon dasturiga jamoaviy kvest, karnaval, bolalar yugurish musobaqasi, tog‘ yon bag‘irlari bo‘ylab yugurish va boshqa sport turlari bo‘yicha bellashuvlar kiritilgan.
«Roza Xutor» dam olish maskanida «SunShine Park» ko‘ngilochar kompleksi, «Rodelban» attraksioni va eng yirik tog‘-chang‘i maktabi joylashgan.
Maktab 11 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda, - deydi kurortning faol dam olish va turizm bo‘limi boshlig‘i Olga Padeyskaya. – Bu yerda nafaqat Instruktorlar milliy ligasi sertifikatiga, balki barcha yosh va darajadagi chang‘i uchuvchilar bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ham ega 270 nafar instruktorlar ishlaydi. «Yegorka» klubida har yili 60 ming nafar bola chang‘i va snuobrdda uchishga o‘rgatiladi.
Bolalarning yosh toifasiga qarab, beshta yosh guruhlari tashkil etilgan - «Snejinki», «Veselыye startы», «Shkola chempionov», «Akademiya rayderov», «Rosa Kids Camp».
Tog‘ chang‘isi va snoubord bo‘yicha katta instruktor Denis Stavitskiy ish kuni, jarayonda yuzaga keladigan qiyinchiliklar va albatta, sevimli mashg‘ulotning afzalliklari haqida so‘zlab berdi:
- Instruktor – bu sizning shifokoringiz va ustozingiz, shu bois, mutaxassislar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish kerak, - deydi D. Stavitskiy. – Maktabda o‘quvchilar va murabbiylarga bir xil e’tibor ko‘rsatiladi. Motivatsiya dasturlari ishlab chiqilgan, Yevropa mutaxassislari bilan tajriba almashish bo‘yicha tanlovlar va tadbirlar o‘tkaziladi.
Kavkazning biosfera qo‘riqxonasi bilan tutashgan «Roza Xutor» dam olish maskani balandlikning uchta pog‘onasida joylashgan. «Roza Dolina» 560 metr balandlikda joylashgan. Bu yerdan Mzimta daryosi oqib o‘tadi, Aibga tog‘ tizmasi bo‘ylab cho‘qqiga olib chiqadigan arqonli yo‘l shu yerdan boshlanadi.
Olimpiya qishloqchasi va Bayroqlar xiyoboni joylashgan ikkinchi sathdagi manzil «Roza Plato» deb ataladi. Uchinchi sath - «Roza Pik» 2320 metr balandlikdagi Kamennыy stolb (Tosh ustun) tog‘i cho‘qqisidir. Bu yerda «Vыsota» nomli Rossiyadagi eng baland tog‘ restorani joylashgan. Dam olish maskanidagi restoranlar guruhining brend-shefi Valentin Shin asli toshkentlik. U dam olishning gastronomik xususiyatlari haqida so‘zlab berdi.
Shundan so‘ng jurnalistlar Sun’iy qor hosil qilish markazida bo‘lishdi. Markaz xodimi Vyacheslav Soldatenkovning so‘zlariga ko‘ra, dam olish maskanidagi sun’iy hosil qilish tizimi Yevropadagi eng yirik tizim bo‘lib, u ikkita (quyi – asosiy va yuqori – ikkinchi darajali) sun’iy ko‘lni, 404 ta qor generatorlari, jumladan 382 ta statsionar va 22 ta ko‘chma qurilmani o‘z ichiga oladi. Bu tizim 100 gektardan ortiq maydonni qor bilan qoplab, chang‘i uchish mavsumining yiliga 140 kungacha davom etishini ta’minlab beradi. Yozda 22 nafar xodim mehnat qiladigan markaz butun dam olish maskanini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Press-tur davom etmoqda.
Alpomish Mashrabxonov, O‘zA.
Rossiya, Sochi shahri