Tinchlik va taraqqiyot tarafdorimiz
Xalqimizda: “Qo‘shning tinch ‒ sen tinch”, degan ajoyib maqol bor.
Dono xalq buni juda topib aytgan. Qo‘shningning uyida notinchlik bo‘lsa, sen yayrab yashay olmaysan, hatto bir piyola choyingni ham rohatlanib icholmaysan. Agar shu notinch qo‘shning o‘zingga tegishli jon-jigar bo‘lsa-chi?! Unda aziyating ikki karra oshishi tayin. Shunday holatga duch keldik. Afsus…
Yurtimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlariga yangicha ruh va shiddat bilan kirishilganligi, bu borada islohotlar yanada chuqurlashgani hech birimizni befarq qoldirayotgani yo‘q. Muhimi shundaki, O‘zbekistonning hech bir to‘laqonli fuqarosi bugungi islohotlarning shunchaki ijrochisi emas, balki tub islohotlarning tashabbuskori ham, hammaslagi ham, amalga oshiruvchisi ham o‘zimiz. G‘oyatda muhim qarorlar qabulida, misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar silsilasida har bir yangilanish yoki yangilanish sari tashlangan qadamda “Kengashli to‘n tor kelmas” hikmatiga amal qilinmoqdaki, buni umumxalq hukmiga havola etilayotgan islohotlar muhokamasida ko‘rishimiz mumkin.
Bugun O‘zbekiston Respublikasining baxt qomusi ‒ Konstitutsiyamizning ham umumxalq muhokamasida ekanligi, unga yurt kishilarining befarq emasligi ogohligimizdan, shunchaki yashamayotganimizdan dalolat beradi, albatta. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, konstitutsiyaviy islohotlar Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala sanaladi.
Ona yurtimizdagi “inson – jamiyat – davlat” yondashuvidagi tub islohotlarning markazida biz, bizning hayotimiz, mustaqilligimiz, erkinligimiz, qadr-qimmatimiz, huquqiy daxlsizligimiz va moddiy-ma’naviy manfaatlarimiz turar ekan, demak, biz ham mazkur ustuvor siyosatga chin insoniyligimiz, sof vijdonimiz, fidokorona mehnatimiz va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, tinchligimizni saqlashimiz orqali javob berishimiz nihoyatda muhim.
Keyingi paytlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini hozirgi yangicha o‘zgarishlarga, yurt fuqarolarining manfaatlariga yanada moslashtirish ehtiyoji sezilayotgan edi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bu ehtiyojni qondirish, huquqiy poydevori yanada mustahkam bo‘lgan qomus yaratishni keng jamoatchilik e’tiboridagi dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘ydi. Bundan juda quvondik. Yuraklarimiz faxrga to‘ldi. Shuurimizda bugunimiz va ertamiz uchun mas’uliyatni chuqurroq his etdik. Ammo tinch kunimizni, halol mehnatimizni ko‘rolmaydiganlar, o‘z kelajagimizning huquqiy asoslarini belgilashdek yuksak baxtimizni toptashga harakat qiladigan g‘alamislar atrofimizda izg‘ib yurgan ekanki, o‘zbek va qoraqalpoq jondoshligiga, qondoshligiga raxna solishga urinishlar hammamizni hushyor torttirdi.
Tarixiy ildizlari, tili, dili, dini, urf-odatlari, qadriyatlari, maqsad va intilishlari bir bo‘lgan mushtarak xalq yangi g‘oyalar atrofida yanada jipslashayotgan bir paytda atrofimizdagi siyosiy sharpalar bizni tanlagan yo‘limizdan qaytarishga, jon-jigar qo‘shnimiz qoraqalpoqlar orasida nizo chiqarishga, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi, tinchligi va barqarorligini buzishga urinishlari har bir yurtsevar fuqaroning nafratini oshirdi. Har birimizni ogohlikka, sergaklikka chorladi, qalqib turgan zamonda tinchlik, osoyishtalik benazir boylik ekanligini eslatib qo‘ydi.
Taraqqiyot pallasiga qadam qo‘yayotgan har bir yurtda allaqachon o‘z iziga tushib olgan qonunlar bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston O‘zbekiston hududiy yaxlitligining uzviy va ajralmas qismi ekanligi allaqachon o‘z iziga tushib olgan, konstitutsiyada belgilab berilgan qonunlar sirasiga kiradi. O‘zbekistonning ichki siyosatiga birovlarning aralashuvi buzg‘unchilikdan boshqa narsa emas.
Aytish joizki, hozirda Buxoro davlat universitetining turli fakultetlarida yuzga yaqin qoraqalpoq farzandlari tahsil olmoqda. Tabiiyki, buxorolik ko‘plab o‘g‘il-qizlarimiz ham Qoraqalpoq oliy o‘quv yurtlarining talabasi bo‘lgan. O‘zbek va qoraqalpoq xalqini juda azaldan birlashtirib turgan mustahkam ma’naviy rishta mavjud: bu o‘zaro ishonch, do‘stlik va birodarlik kuchi, og‘a-inilik, quda-andalik va jon-jigarlik uyg‘unligi. Bu xususida o‘tgan asrning o‘rtalaridayoq O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov shunday yozgan edi:
Men o‘zbek, sen esa qoraqalpoqsan,
Turklar dunyosida sen ham urvoqsan,
Gar men tuproq bo‘lsam, sen ham tuproqsan,
O‘zbekka azaliy qarindosh, inim…
O‘zbek va qoraqalpoq ‒ orzu va maqsadlari mushtarak xalq. Axborot maydonida paydo bo‘layotgan turli fitna va provakatsion tashviqotlar ta’siriga tushib qolishdan, adashgan, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan shaxslardan biriga aylanishdan har birimiz o‘zimizni, farzandlarimizni, talaba yoshlarimizni, tevarak-atrofimizdagilarni asraylik. Zero, shiddat bilan rivojlanayotgan globallashuv zamonida yurt tinchligini saqlash, mustaqilligimizni avaylab asrash, har tomonlama himoyalash va qo‘llab-quvvatlash har qachongidan ham dolzarb masaladir.
Bugun yurtimizda yangicha qarashlar va jadal o‘zgarishlar zamirida aholi turmush tarzini yaxshilash, xalqimizning madaniy, ma’rifiy, milliy rivojlanishini yuksaltirish uchun yetarli shart-sharoit yaratish, ilm-fan takomillashuvini jahon standartlariga yetkazish, yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasiga har qachongidan e’tiborli bo‘lishdek aniq maqsadlarga tayanuvchi ezgu amallar mujassam. Ishonchimiz komilki, do‘st va dushmanning farqini anglay oladigan toza fikrli o‘zbek xalqining ham, diyonatli, o‘zligini unutmagan, omonligim oilam, yurtim tinchligi, xalqim farovonligi bilan deguvchi qoraqalpoq xalqining ham bunday tartibsizliklar, siyosiy o‘yinlarga nisbatan o‘z pozitsiyasi bor.
Biz tinch makonda dunyo taraqqiyotiga erishish tarafdorimiz.
Obidjon Hamidov,
Buxoro davlat universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
O‘zA