Tinchlik va do‘stlik elchilari
Davlatimiz rahbari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida tashkilot doirasida uyushqoqlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni yanada mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatga nisbatan kelishuvga asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha dolzarb tashabbuslari qatorida, mintaqa parlamentlari va keng jamoatchilik darajasida xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ham ilgari surdi.
Xalq diplomatiyasi – bu davlat va nodavlat tashkilotlar, davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarning xalqaro jamoatchilik aloqalarini kengaytirishga yo‘naltirilgan qo‘shma faoliyati.
Bu fuqarolik jamiyatining xalqaro munosabatlar va tashqi siyosatdagi faol ishtirokini nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, bunda faol ishtirokchilar amaldorlar emas, balki olimlar, san’at va madaniyat namoyandalari, tadbirkorlar, diniy ulamolar, yoshlar va oddiy insonlardir. Bunday ishtirok ma’lum ijtimoiy fikrni shakllantirishga, xalqaro aloqalar va munosabatlardagi holatga ta’siriga qaratilgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «SHHT ezgu niyat elchisi»ni ta’sis etish bo‘yicha tashabbusi ushbu xalqaro tashkilot maqsad va vazifalarini amalga oshirish yo‘lida o‘z vaqtida bildirilgan tashabbus bo‘ldi.
SHHT nisbatan qisqa vaqt ichida xalqaro munosabatlarda sezilarli darajada muhim ahamiyatga ega nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. Tashkilotga a’zo davlatlarda yer yuzi aholisining qariyb yarmi istiqomat qiladi. Bu Yevroosiyo mintaqasida yangicha munosabatlar shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda, xalq diplomatiyasi mexanizmlarini keng qo‘llanilishi yanada ahamiyatlidir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda O‘zbekistonda MDH Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilib, bu borada muhim qadamlar qo‘yildi. Asosiy vazifa – yaxshi qo‘shnichilik va ishonch, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishdan iborat.
Ilmiy tafakkur olamida “ommaviy diplomatiya” tushunchasi mavjud bo‘lib, keng jamoatchilikning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari orqali mamlakat imijini, tashkilotlar va siyosatga ishonchni shakllantirishni tashkil qiladi.
Misol uchun, BMTga ishonch ruhini shakllantirish bo‘yicha faoliyatda ezgu niyat elchilari instituti mas’ul hisoblanadi.
BMTning ezgu niyat elchilari instituti 1954 yildan buyon faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, unda BMT va uning muassasalarini qo‘llab-quvvatlovchi dunyoning mashhur insonlari faoliyat olib boradi. BMT g‘oyalari va imijini saqlab turishda madaniyat, sport jamoatchiligi mashhur vakillarining roli beqiyos.
Ishonchim komilki, “SHHT ezgu niyat elchisi” instituti a’zo mamlakatlarning san’at, adabiyot, fan, musiqa va sport sohalaridagi mashhur arboblaridan tashkil topib, ular iste’dodi va bor kuch-g‘ayratini tashkilotga a’zo davlatlar hamda butun dunyo xalqlarining turmush darajasini oshirishda SHHT harakatlariga nisbatan jamoatchilik xayrixohligini oshirishga safarbar etadi.
Bu esa, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, qurolsizlanish va butun jahonda tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash, qochoqlar, nogironlar va bolalarga ko‘maklashish, atrof-muhitni asrab-avaylash kabilardan iborat.
Mashhurlik – bu ezgu niyat elchilarini tanlashdagi bazaviy talablardan biri sanaladi. Misol uchun, BMT ezgu niyat elchilari faxriy ro‘yxatidan Anatoliy Karpov, Rojer Mur, Mariya Sharapova, Krishtianu Ronaldo, Maykl Duglas, Nikol Kidman, Andjelina Joli, Sharliz Teron, Mia Ferrou va boshqalar o‘rin olgan.
Bu kabi nufuzli lavozimga nomzod birinchi navbatda SHHT imijini oshirish ustida ish olib borishi zarur. Ekspertlar fikriga ko‘ra, bunday modelning asosiy tavsifi – obro‘-e’tibor, olijanoblik, ishchanlik, mardlik, ochiqlik, mahalliy tillarni, tarix va madaniyatni bilish kabilardan iborat.
Sammitda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, global va mintaqaviy darajada tanglik o‘sib borayotgan hozirgi davrda SHHT o‘zining ochiqligini saqlab qolishi, umumiy da’vatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirishi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlashi lozim.
Muxtasar aytganda, “xalq diplomatiyasi” bu maqsadlarni amalga oshirishdagi samarali mexanizmlardan biridir.
Alisher Sobirov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i,
tarix fanlari nomzodi