Tinchlik dunyodagi eng ulug‘ ne’mat
Tiriklik dunyosida yashayotgan har bir insondan "Siz uchun dunyoda eng ulug‘ ne’matlardan biri nima?" deb so‘rasangiz, albatta, tinchlik deb javob beradi. Shu o‘rinda beixtiyor "Muallimi as-Soniy" nomi bilan mashhur buyuk alloma Abu Nasr Forobiyning "Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi boshlang‘ich asos insoniylikdir. Odamlar insoniyat turkumiga kirganliklari uchun o‘zaro tinchlikda yashamoqlari lozim" degan so‘zlari yodimga tushadi.
O‘ylayman, bugun shu tinchlik uchun, shu Vatan ertasi va ravnaqi uchun qanchalik mehnat qilayapmiz, degan savol bizni qay darajada qiynamoqda?! bugungi yurt tinchligi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘sha olyapmizmi?
Shukrlar bo‘lsinki, millatidan qat’iy nazar aholisi ahil va hamjihat yashayotgan ozod va obod yurtimizda tinchlik xotirjamlik hukmron. Albatta, bunga har birimiz imkon qadar hissa qo‘shyapmiz, ana shu maqsad yo‘lida mehnat qilyapmiz. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik avvalo, xalqimizning asriy orzusi mustaqillik sharofati, Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan tinchlik siyosatining sharofatidan desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mustaqillikka o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Mustaqillik, ozodlik yo‘lida millatimizning ko‘plab asl farzandlari o‘z jonlarini qurbon qildi. Bugun ularning mardligi, jasoratidan qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘usi jo‘sh uradi. Bugun biz – ziyolilarning asosiy vazifalaridan biri yoshlarimiz ongiga tinchlikni qadrlash, mustaqillikni asrash tuyg‘ularini singdirish, ularni ulug‘ ajdodlarimizga munosib avlod qilib tarbiyalashdir.
Mustaqillik tufayli eng avvalo, ulug‘ ne’mat – tinchlikni qo‘lga kiritdik, qolaversa, mustaqillik bizga milliy, diniy qadriyatlarimizni qaytarib berdi, tarixiy shaxslarimiz haqidagi tarixiy haqiqatni tiklanishiga, o‘zligimizni anglashga imkon yaratib berdi.
Yurt mustaqilligini asray olsak, tinchlikni qadriga yeta olsakkina yurak yuragimizda Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz oshaveradi. Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilini boshlanishi oldidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan “Mustaqillik darslari” ham yoshlarimizning ona Vatanga muhabbatini, istiqlol g‘oyalariga hurmat va sadoqatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Andijon davlat tibbiyot institutida mustaqillik darslari institut rahbarlari, yetakchi professor-o‘qituvchilar, iqtidorli talaba yoshlar, deputatlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘ziga xos tarzda tashkil etildi. Jumladan, institut rektori M. Madazimov, prorektorlar tomonidan o‘tkazilgan darslar juda qiziqarli o‘tdi.
Erta tongdan bu yil talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan yoshlarni kutib olish va tabriklashga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi. Shundan so‘ng auditoriyalarda mustaqillik darsi mashg‘ulotlari boshlandi.
Darslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik.Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston" gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblari, "Tadbirkorlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari", "Yangi O‘zbekiston" bog‘ida o‘tkazilgan davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan fikr va tashabbuslar asosida o‘tkazildi.

Asosan, ma’ruza va amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tkazilgan mustaqillik darslari yoshlar qalbida Vatanni sevish va ardoqlash hissini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Mustaqillik shukuhidan ruhlangan, shijoatli, faol va fidoyi talaba yoshlar kelgusida mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan, ulug‘ ajdodlarimiz ishini davom ettiradigan shaxs bo‘lib kamol topishiga aslo shubha yo‘q.
Umidli yoshlarimizning faolligi, ularning yuksak salohiyatini ko‘rib, kelajagimiz egalarining ertasi buyuk ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Mirzohid Botirov,
Andijon davlat tibbiyot institutining
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha prorektori
O‘zA