Tinch yurtga bayramlar yarashadi
Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!
Ayni kunlarda butun borliqqa bahor nafasi yoyilib, qir-adir-u yaylovlar yashillikka burkana boshladi. Yilning seryog‘in boshlanishi hamma joyga baraka ulashmoqda. Qiyg‘os gullagan bodomzorlarda bolarilar mehnatga sho‘ng‘ib ketgan. Mayin esgan xut shamoli dov-u daraxtlar kurtaklarini qitiqlaydi, uyg‘onishga chorlaydi. Borliq sepini yoygan kelinchak misol yasharadi, tobora yangilana boradi...
Qadimdan ajdodlarimiz bahor kelishini intiqlik bilan kutishgan, “ko‘klamga yetkazganingga shukr” deya, duolar qilishgan. Sumalak, ko‘k somsa, halim kabi taomlarni tayyorlab Navro‘z bayramini nishonlashgan. Kurash, ko‘pkari musobaqalarini uyushtirishgan. Ajdodlarimizning ushbu boy merosi, milliy an’ana-yu urf-odatlari yillar davomida avloddan avlodga o‘tib, davom etib kelmoqda.
Qashqadaryo viloyatining tuman va shaharlarida ham Navro‘z bayrami keng nishonlanmoqda. Xususan, kuni kecha viloyatning Kasbi tumani Xo‘ja Kasbi mahallasida ham Navro‘z bayrami tantanalari o‘tkazildi.
– Erta tongdan hammaning kayfiyati a’lo. Mahallamizda Navro‘z tantanalarini nishonlayapmiz, – deydi Dilnavoz Mamatxonova. – Bayram bilan hammani muborakbod etaman. O‘zim Kasbi tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritaman. Bayram arafasida mahalladagi bemorlar holidan xabar olindi, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamlar berildi. Havo ham juda yoqimli. Bayramimizda katta kurash musobaqasi tashkil etilmoqda. Qo‘shni viloyatlarga ham taklifnomalar yuborilgan. Bu bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodning sportga bo‘lgan qiziqishini, mehrini oshiryapmiz. Xotin-qizlar o‘rtasida ham shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etildi. Ushbu bayram elimiz keksalarining duosi bilan bo‘lyapti. Albatta, bunday tinch kunlarimizga ko‘z tegmasin. Vatanimizda shunday bayramlar ko‘payaversin.
Iroqi do‘ppilar kiyib olgan qizaloqlarning milliy o‘yinlarni zavq bilan o‘ynashi bayram tantanalariga o‘zgacha fusun bag‘ishladi. Arqon tortish musobaqasi esa, yosh yigitlarning shijoatini ko‘rsatib berdi. Bugun vertual dunyoga tobora chuqur kirib ketayotgan yosh avlod orasida “oq terakmi-ko‘k terak”, “arqon tortish”, “lanka tepish”, “oshiq o‘rish” kabi milliy o‘yinlarni ommalashtirish qanchalik ahamiyatli ekanligi ularning yuz ko‘zlaridan ko‘rinib turardi.
– Mahallamizda 4 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi Xo‘ja Kasbi mahallasi hokim yordamchisi Fozil Salomov. – Mahallaning asosiy drayveri sifatida markazga yaqin bo‘lganimiz sababli xizmat ko‘rsatish va chorvachilik yo‘nalishlari tanlab olingan. Hokim yordamchisi sifatida asosiy e’tiborni mahalladagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratganmiz. Bu bo‘yicha xatlov o‘tkazilib, rejalarni ishlab chiqqanmiz. Mana bugun Navro‘z bayrami mahallamizda ilk bor keng miqyosda nishonlanmoqda. Ilgari ko‘cha-ko‘cha bo‘lib o‘tardi. Bu yil birlashib, bitta qilib tashkil qildik. Bundan xalqimiz ham hursand. Birligimiz va tinchligimizga ko‘z tegmasin.
Ommaviy sayil tarzida davom etgan bayram tantanasida mahalla ahli vaqtini chog‘ o‘tkazishdi. Milliy libos kiygan yangi kelinlarning suzilishlari, keng maydonda zavqlanib varrak uchirayotgan bolakaylar, el suygan san’atkorlarning diltortar taronalari, barcha-barchasi hammaga xush kayfiyat ulashdi.
– Tinch elga bayramlar yarashadi, – deydi mahalla faxriysi Toshtemir Omonov. – Bir paytlar sumalakni ham uyda yashirincha pishirib yeganmiz. Bunaqa bayramlarniku aytmasa ham bo‘ladi. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin. Mana emin-erkin yashayapmiz, bayramlar qilayapmiz. Biz kabi keksalarga ham e’tibor yaxshi bo‘lyapti. Mana shunday imkoniyatlardan foydalanib, Haj ziyoratiga borib keldim. Hech kamimiz yo‘q. Doim qo‘llarimiz duoda.
[gallery-16352]
Ta’kidlash lozimki, Xo‘ja Kasbi mahallasi keyingi yillarda obod maskanlardan biriga aylanib bormoqda. Xususan, o‘tgan yili mahalla hududidagi uch kilometr ichki yo‘llarga shag‘al to‘kildi, ikki kilometrdan ortiqroq yo‘llarga asfalt yotqizildi. Bir kilometr masofada ko‘chalar bo‘ylab ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi. 4 ta artizian qudug‘i qazildi. Aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Tabiiy gaz ulab berildi. Joriy yil boshidan shu kungacha “Yashil makon” loyihasi doirasida ming tupdan ziyod manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Bu boradagi bunyodkorlik ishlari joriy yilda ham davom ettirilishi mo‘ljallanmoqda.
Xalqimizning Navro‘z bayramlari albatta kurash musobaqasisiz o‘tmaydi. Xo‘ja Kasbi mahallasining Navro‘z bayramida ham dongdor polvonlar ishtirokida katta kurash musobaqasi tashkil etildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari