Tilimizga, tariximizga, ulugʻ ajdodlarga ehtirom
Alisher Navoiy oʻzbek adabiy tilining asoschisi. Tilimizni asrab-avaylash, rivojlantirib borish, uning dovrugʻini doston qilishda buyuk bobomizdan oʻrnak olish barobarida ilmiy-ijodiy merosini yana-da chuqur oʻrganish muhim ahamiyatga ega.
OʻzMTDP Navoiy viloyati Kengashi tomonidan viloyat hokimligi, viloyat hokimligi, viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, Navoiy davlat pedagogika instituti va Navoiy viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamkorligida “Alisher Navoiy - umumbashariyat eʼtirof etgan ulugʻ shoir va mutafakkir” mavzusida ZOOM dasturi orqali davra suhbati oʻtkazildi.
Alisher Navoiy oʻzbek adabiy tilining asoschisi. Tilimizni asrab-avaylash, rivojlantirib borish, uning dovrugʻini doston qilishda buyuk bobomizdan oʻrnak olish barobarida ilmiy-ijodiy merosini yana-da chuqur oʻrganish muhim ahamiyatga ega.
Birinchi Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “olamda turkiy va forsiy tilda soʻzlovchi biron-bir inson yoʻqki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va eʼtiqod bilan qaramasa. Agar bu ulugʻ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir.”
Soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2015-yilda Afgʻonistonning Hirot shahridagi tarixiy Musallo maydonida joylashgan Alisher Navoiy maqbarasida obodonlishtirish ishlari olib borilgan. Navoiyning yangi qabr toshi Nurota tumani Gʻozgʻon shaharchasida yashovchi usta sangtarosh Tohir Rahimov tomonidan tayyorlangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ham buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi.
Ayniqsa, partiyamizning anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Navoiy vorislari” koʻrik-tanlovi aynan Prezidentimizning mazkur qaroriga kiritilganligini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
– Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bir necha yildirki, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi bilan “Navoiy vorislari” loyihasi oʻtkazib kelinadi.

Ushbu loyiha partiyaning maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi vazifalari ijrosini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, 2018-yilda koʻrik-tanlovning tuman, shahar va hududiy bosqichlarida Respublikamizning 4 ming 997 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridan jami 11 ming 368 nafar oʻqituvchi oʻz oʻquvchilari bilan ishtirok etdilar.
Bu raqamlar 2017-yilga nisbatan ishtirokchilar sonining ikki barobarga ortganini koʻrsatadi. Tanlov natijasida Alisher Navoiy ijodiga befarq boʻlmagan, uning 50 dan 100 gacha gʻazallarini toʻliq yod oladigan va nafaqat yod olish, balki gʻazal matnining nasriy bayonini yarata oladigan hamda gʻazal matnidagi tushunish qiyin boʻlgan soʻzlarni izohlab bera oladigan 14 mingdan ortiq iqtidorli va isteʼdodli yoshlar kashf etildi, – deydi viloyat Kengashi raisi Ilhom Rajabov.
Albatta, mutafakkir shoir tomonidan kuylangan milliy va umuminsoniy gʻoyalar mana necha asrlarki xalqlarni birdamlikka, hamkorlikka, hamfikrlilikka, oʻzaro tushunishga chorlab keladi.
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etilishi, Alisher Navoiy ordenining taʼsis etilishi tilimizga, tariximizga, qolaversa, ulugʻ ajdodlarimizga boʻlgan hurmat-ehtirom ramzidir.