Tibetda 261 sayyoh bedarak yo‘qoldi
Xitoyning Tibet muxtor hududida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida 16 kishi halok bo‘lgani, 546 kishi bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.
Taqdiri noma’lum shaxslar orasida 23 mamlakatdan 261 nafar chet ellik ham bor. XXR hukumati qidiruv-qutqaruv amaliyoti va jarayon bilan bog‘liq yordam uchun taxminan 18 million dollar (120 million yuan) ajratgan. Mintaqada eng yuqori darajali ofatga javob berish tartibi amal qilmoqda.
Chin mamlakati Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, missiyada 2100 kishi ishtirok etyapti. Xalq ozodlik armiyasi askar va zobitlari ham yo‘qolganlarni qidirmoqda. 269 maxsus transport vositasi, taxminan 4000 texnika to‘plami safarbar qilingan amaliyot quruqlik va havo orqali olib borilyapti. Shaxsiy tarkib loy ko‘chgan hududda drondan foydalanib, zarar ko‘rgan joylardan tasvir uzatyapti.
26-avgust kuni Nepal tomondan o‘pirilgan ulkan loy bo‘lagi chegaradagi Jilong o‘tish manziliga urilib, jiddiy tabiiy ofat keltirib chiqargan.
So‘nggi xabarga ko‘ra, Xitoy va Nepalda ofat oqibatida 734 odam halok bo‘lgan, qariyb 3000 kishidan darak yo‘q.
S.Rahimov, O‘zA