“Tibbiyot xodimi” maqomini belgilash tarafdorimiz
Saylov – 2021
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimovning Toshkent shahri hududi bo‘yicha ishonchli vakili Sadriddin Turobjonov poytaxtimizning Mirobod tumanida bo‘lib, O‘zbekiston Temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Sihatgoh» profilaktoriy-sanatoriyasida temir yo‘l xodimlari hamda «Sihatgoh» sanatoriysi shifokorlari va ishchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturida sotsial-demokratiya g‘oyalariga mos ravishda davlat maktabgacha ta’lim tizimini to‘liq bepul qilish, o‘qituvchilar obro‘-e’tibori va huquqiy maqomini yanada ko‘tarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi g‘oya va maqsadlar ilgari surilayotganini ta’kidladi. Shu maqsadda “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida” qonun qabul qilinishi tarafdori ekanligini qayd etdi. Shuningdek, saylovoldi dasturda umumta’lim maktablari uchun darsliklarning yangi, zamonaviy avlodini yaratish, buning uchun “Darsliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti”ni tashkil qilish va shu kabi g‘oyalar o‘z ifodasini topgani ta’kidlandi.
Saylovchilar uchrashuv davomida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod va uning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, ishonchli vakil Sadriddin Turobjonov Toshkent stomotologiya institutida ham bo‘lib, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda nomzodning saylovoldi dasturidagi g‘oya va maqsadlar mohiyati yig‘ilganlarga atroflicha tushuntirildi.
— Partiyamiz nomzodi aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish, sog‘liqni saqlash tizimini qayta shakllantirishni davom ettirish tarafdoridir, – dedi ishonchli vakil. – Shuningdek, “Tibbiyot xodimi” maqomini belgilash zarur deb bilamiz. Reproduktiv salomatlik masalasi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi. Onkologiya, sil, qandli diabet kasalliklarining oldini olish va bu kasalliklar bilan xastalangan bemorlarni to‘liq davlat hisobidan davolash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish saylovoldi dasturimizdan o‘rin olgan muhim vazifalarimizdandir. Davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxati qayta shakllantirilib, ular bilan aholini kafolatli ta’minlash tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Uchrashuvda nomzod saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va g‘oyalar ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA