Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Avtohalokat sababli og‘ir jarohat olgan va suyak muammolari tufayli yillar davomida aziyat chekkan 26 yoshli bemor Milliy tibbiyot markaziga murojaat qildi. Avvalroq u bir necha xorijiy klinikalarda davolanishga uringan, ammo samara bo‘lmagan.
Markazning malakali ortoped-jarrohlari bemorda boldir suyaklarida soxta bo‘g‘im hosil bo‘lgani va suyukda defekt mavjudligini aniqladi. Shu sababli, jarrohlar tomonidan chanoq suyaklari va boldir suyaklaridan auto suyak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Bundan tashqari, plastina va vintlar yordamida osteosintezlash orqali suyak tiklandi.
arkaz matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va hozirda bemorning ahvoli qoniqarli. Tiklanish jarayoni davom etmoqda, shifokorlar uning holatini doimiy nazorat qilib turibdi.
***
Shuningdek, Milliy tibbiyot markazining Rentgenendovaskulyar jarrohlik bo‘limi so‘nggi ikki hafta davomida 250 dan ortiq jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Umumiy 250 ta operatsiyadan 81 tasi koronar arteriyaga stent qo‘yish, 3 tasi aorta anevrizmasiga stent-graft implantatsiyasi, 3 tasi oyoq arteriyalarini ballonangioplastikasi, shuningdek, 4 tasi aorta klapanini transkateter protezlash (TAVI), 1 tasi bachadon miomasida embolizatsiya yordamida bartaraf qilish kabi murakkab jarrohlik aralashuvlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, 29 ta koronarografiya, 2 ta uyqu arteriyasini stentlash va bir qator boshqa jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
***
Markazning tajribali ko‘z mikroxirurglari tomonidan esa tug‘ma g‘ilaylik bilan tug‘ilgan 8 yoshli bolada muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi.
Operatsiya davomida ko‘z mushaklarining nomutanosibligi tuzatilib, bolaning ko‘rish qobiliyatini yaxshilashga erishildi. Shifokorlar tomonidan zamonaviy jarrohlik usullari qo‘llanilgan bo‘lib, operatsiya bemor uchun xavfsiz va samarali o‘tgan.
Ayni paytda bemorning holati barqaror, ko‘rish funksiyalarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari bunday murakkab jarrohlik amaliyotlarini muntazam ravishda o‘tkazib, bolalar va kattalar orasida ko‘z kasalliklarini samarali davolashni davom ettirmoqda.
Markazda olib borilayotgan bu kabi yuqori malakali jarrohlik amaliyotlari bemorlarning salomatligini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA