Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent Davlat stomatologiya instituti delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, nufuzli “China Meheco” korporatsiyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Tashrif davomida tibbiy-diagnostik uskunalar va jihozlarni ishlab chiqaruvchi yirik korxonaning bosh direktori Vu Hao hamda xalqaro faoliyat bo‘yicha menejerlar bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish, xolding tarmoq korxonasining faoliyatini tashkillashtirish masalalari muhokama qilinib, kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot uchun: “China Meheco Corporation” dunyoning 10 dan ortiq davlatlarida tarmoq korxonalariga ega yirik xolding bo‘lib, uning 40 ga yaqin xalqaro hamkorlari mavjud hamda 403 ta shifoxonasi faoliyat yuritmoqda.
***
Milliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan yurak aorta klapanining transkateter implantatsiyasi bo‘yicha ikki kunda 4 ta murakkab operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu zamonaviy usul yuqori xavf guruhidagi bemorlar uchun ochiq jarrohlik operatsiyasiga alternativ sifatida qo‘llanildi.
Amaliyot davomida bemorning son arteriyasi orqali maxsus kateter yordamida sun’iy klapan o‘rnatildi. Bu usul bemorning sog‘lig‘ini tiklashda jarrohlikning minimal xavf bilan amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tdi va bemorlarning holati hozirda barqaror.
***
Oziq-ovqat xavfsizligi har bir iste’molchi bilishi zarur bo‘lgan qoida hisoblanadi. Noma’lum sharoitlarda tayyorlangan mahsulotlarni iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish, botulizm yoxud asoratli kasalliklarni ham keltirib chiqarishi hech gap emas.
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Bektemir tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tumandagi mahallalarda joylashgan oziq-ovqat do‘konlarida turli xildagi noma’lum sharoitda tayyorlangan mahsulotlar, shuningdek, botulizm kasalliklarini keltirib chiqaruvchi konserva mahsulotlarini sotmaslik yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, ogohlantirish xatlari tarqatilmoqda.
Ta’kidlash joizki, har bir mahsulotni xarid qilish jarayonida uning hidi, shakli, organoleptik xususiyati o‘zgarmaganligiga, iste’molga yaroqliligiga to‘liq ishonch hosil qilgandan so‘ng, sotib olish maqsadga muvofiqdir. Bu, o‘z navbatida, oila a’zolaringiz va o‘zingizning salomatligingizga bo‘lgan e’tiborni anglatadi.
***
Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xizmatlari rahbarlarining sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
V Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 26 davlat va uchta xalqaro tashkilotdan 300 dan ortiq delegatlar ishtirok etdi. Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev ham qatnashdi.
Ushbu formatdagi uchrashuvlar 16 yildan buyon tashkilotning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan yuqumli va epidemik tahdidlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muntazam hamkorlik mexanizmidir.
Konferensiya ishtirokchilari sog‘liqni saqlash, epidemiologiya, biotexnologiya va tibbiyotning boshqa sohalariga doir dolzarb masalalarni muhokama qildi.sog‘liqni saqlash, epidemiologiya, biotexnologiya, tibbiyotning boshqa sohalari. Zamonaviy tadqiqotlar natijalari va amaliy ishlanmalar taqdim etildi. Yakuniy xulosalar chiqarilib, sanitariya-epidemiologiya nazorati va tibbiy amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA