Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish yuzasidan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot tahlil markazi va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DMning Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonuniy muomalasi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish hamda tegishli bandlar ijrosi bo‘yicha ko‘tarilgan savollar muhokama qilindi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazida navbatdagi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
8 yoshli bemorga Artifakiya, OD – ikkalamchi katarakta, qorachiq ektopiyasi, okklyuziya va sekklyuziyasi, IOL dislokatsiyasi tashxisi qo‘yilib, oftalmologiya bo‘limi shifokorlari tomonidan bir vaqtning o‘zida bir nechta amaliyot bajarildi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bu operatsiya nafaqat bolaning ko‘rish qobiliyatini tiklash, balki uning hayot sifatini yaxshilash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
***
Milliy tibbiyot markazining bir guruh tajribali hamshiralari Ozarbayjon poytaxti Bokuda joylashgan Bona Dea klinikasida tajriba o‘tamoqda. Ilg‘or usullar, xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan jarayonlar va xizmat ko‘rsatishning zamonaviy yondashuvlari bilan yaqindan tanishmoqda.
Shuningdek, mazkur safarda markazning kadrlar bo‘limi mutaxassisi ham ishtirok etib, tibbiyot sohasidagi kadrlar masalasi bo‘yicha tajriba va bilimlarini boyitmoqda. Bu, kelgusida tibbiy xizmat va boshqaruv jarayonlarini yanada samarali tashkil etishda qo‘l keladi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Turkiyaning “Sağlik Group“ tashkiloti mutaxassislari o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga asosan, ekspertlar Jizzax, Farg‘ona, Xorazm Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bilan bog‘liq ishlar bilan tanishdi.
Ular 3 kun davomida 5 ta guruhga bo‘linib, shifoxonalarda, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida bo‘lib, birlamchi tibbiy sanitariya yordamini takomillashtirish,tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tizimni raqamlashtirish, shifoxonalarda tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish, farmatsevtikani rivojlantirish va dori vositalari ta’minoti, tibbiy asbob- uskunalar samaradorligini oshirish, shoshilinch va tez tibbiy yordamni rivojlantirish masalalarini o‘rganib, soha xodimlari bilan fikr almashdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA