Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov Surxondaryo viloyatiga safari davomida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialida bo‘ldi. Dastlab vazir muassasaning axborot-resurs markazida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar tomonidan amalga oshirilgan ilmiy ishlanmalar, loyiha va patentlashga tayyorlangan g‘oyalar bilan tanishdi. Shundan so‘ng filialda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar bilan muloqot o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda filialda davolash, pediatriya, stomatologiya, tibbiy profilaktika, fundamental tibbiyot, farmatsiya kabi 6 ta yo‘nalishda 4 ming 600 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Shundan 4299 nafari bakalavriat, 14 nafari magistratura, 327 nafari ordinatura bosqichida tahsil olmoqda. Ularning 200 nafardan ziyodi xorijlik yigit-qizlardir.
Muloqotda vazir ilmiy ishlanmalar ustida izlanish olib borayotgan iqtidorli talabalarni oliy ta’limdan keyingi ta’limga jalb qilish, ilmli yoshlarni rag‘batlantirish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘z navbatida, talaba yoshlarning takliflari eshitilib, ularning savollariga javob berildi.
***
Ma’lumki, qon bemorlar uchun bebaho va juda muhimdir. Har yili minglab odamlar murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, og‘ir kasalliklarni davolash va jarohatlardan tiklanish uchun qonga muhtoj bo‘ladi. Donor qoni ko‘plab insonlar hayotini saqlab qoladi va bemorlar holati yaxshilanishini ta’minlaydi.
Ana shularni teran anglagan holda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi markaziy apparati, Toshkent shahar, Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlari hududiy bo‘linmalarining bir guruh xodimlari qon topshirish aksiyasida ishtirok etdi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va “Sandoz” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, “Sandoz” kompaniyasining biologik mahsulotlarga bo‘lgan e’tibori muhokama qilindi.
O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, biologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish borasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan shartnoma asosida farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va post-marketing faoliyatini birgalikda amalga oshirishga qiziqish bildirildi. Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘zaro ma’lumot almashish va birgalikda yangi loyihalar ustida ishlashga kelishib oldi.
***
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Misrning O‘zbekistondagi elchisi janob Tamer Fathi Abdussalom Hammad o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va Misr kompaniyalarining O‘zbekistonga investitsiya kiritish istagi va buni qanday amalga oshirish mumkinligi haqida gap bordi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon Misr kompaniyalari va tartibga solish organlari bilan dekabr oyida davra suhbati o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazida 1 yoshli bolada unikal jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Markazning neyroxirurgiya va LOR bo‘limi shifokorlari hamkorligida amalga oshirilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ushbu amaliyot shifokorlarimizning yuqori malakasi, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan samarali foydalanish va jamoaviy ishlash prinsiplarining yorqin namunasidir.
Markaz mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirishdagi yetakchi muassasa sifatida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.
***
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, og‘iz bo‘shlig‘i patologiyalari – yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning eng keng tarqalgan turlaridan. Hozir dunyo bo‘yicha taxminan 3,5 milliard odam shunday xastaliklardan aziyat chekmoqda.
Buning asosiy sababi, avvalo, tish parvarishiga e’tiborsizlik bilan bog‘liq. Oqibatda kariyes, milk kasalliklari, tishlar tushishi, og‘iz bo‘shlig‘i saratoniga chalinish holatlari yil sayin ko‘paymoqda.
JSST rahbari Tedros Gebreyesusning qayd etishicha, millionlab insonlar og‘iz bo‘shlig‘i salomatligini ta’minlash bilan bog‘liq tibbiy xizmatlardan foydalana olmaydi. Chunki ularning narxi sezilarli darajada qimmat.
Shu bois tashkilot bu borada hukumatlarni tegishli choralarni ishlab chiqish va profilaktika, diagnostika hamda davolash qamrovini oshirishga chaqirdi.
Xususan, JSST tomonidan og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi masalalariga bag‘ishlab ilk bor tashkil etilgan global yig‘ilishda 110 dan ortiq mamlakatlar delegatsiyalari tomonidan 2030 yilgacha mo‘ljallangan Og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya tasdiqlanishi kutilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA