Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari o‘rtasida sport turlarini keng ommalashtirish hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida “Sog‘liqni saqlash vaziri kubogi-2024” sport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida bellashuvlarning final bosqichiga start berildi.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi tegishli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashining qo‘shma qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur spartakiadada qatnashchilar sportning mini futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha o‘zaro bahs olib bormoqda.
***
Qandli diabetning qator xavfli asoratlari bor. Xususan, uning 2-turidan aziyat chekuvchi bemorlarda diabetik retinopatiya, ya’ni ko‘rish qobiliyati yo‘qolishiga olib keluvchi patologiyalar yuzaga kelishi mumkin.
Buni erta bosqichda, tezkor va samarali aniqlash uchun zamonaviy tibbiyotda ilg‘or tashxislash texnologiyasi – Fundus kamarilaridan foydalanilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Qandli diabetga qarshi kurash jamg‘armasi tomonidan Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga jami beshta, xususan, 4 dona ko‘chma va 1 dona statsionar shunday uskunalar beg‘araz yordam sifatida taqdim etildi.
Ushbu ilg‘or texnologiyalar Guliston shahri hamda Boyovut, Oqoltin va Sardoba tumanlarida bemorlarda diabetik retinopatiyani skriningdan o‘tkazishda qo‘llanildi.
***
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tgan haftada poytaxtimiz hamda Toshkent va Namangan, Andijon, Xorazm hamda Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda olingan farmatsevtika mahsulotlari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalarida o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 288 nomdagi 4510 o‘ram jumladan, 113 nomdagi 1850 o‘ram davlat ro‘yxatidan o‘tgan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan, 150 nomdagi 2040 o‘ram davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan, 23 nomdagi 480 o‘ram yaroqlilik muddati tugagan, sifatsiz, 2 nomdagi 140 o‘ram (Neufol-S 100 mg/5 ml ampula, Zardeks 300 mg kapsula) qalbakilashtirilgan farmatsevtika mahsulotlarini tibbiyot amaliyotida qo‘llash mumkinmasligi bo‘yicha xulosa berildi.
Bu bilan sifati kafolatlanmagan mazkur dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi Neyroxirurgiya bo‘limi mutaxassislari yana bir noyob jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Farg‘onalik 3 yoshli qizaloqda “Bosh miya qon tomir kavernomasi“ tashxisi qo‘yilib, 3 bosqichli jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi.
Amaliyot davomida kavernomaning miyada joylashgan chuqur qismiga zararsiz yetib borish, qon tomirlar tarmog‘ini jarohatlarsiz olib tashlash juda murakkab vazifa bo‘lib, bu jarayonda jahon standartlariga mos zamonaviy texnologiyalar va yuqori aniqlikdagi asbob-uskunalar qo‘llanildi.
Bu jarrohlik amaliyoti nafaqat shifokorlarimizning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi mahsuli, balki mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilgan yuksak ye’tiborning yorqin ifodasidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA