Tibbiy xizmat aholiga yaqinlashmoqda
10 noyabr – Tibbiyot xodimlari kuni
Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul. Shu bois ham Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, boshqarma tizimidagi davolash- profilaktika muassasalarida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tashxislash va davolash uslublari joriy etilayotgani yurak, buyrak, xullas, inson tana a’zolari bilan bog‘liq yuqori texnologiyali amaliyotlarni o‘tkazish, insonlarning umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishda muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.

–Davlatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash sohasiga bo‘lgan e’tibori tufayli birmuncha murakkab, shu vaqtga qadar xorijiy davlatlarda va poytaxtdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida amalga oshirilib kelingan yuqori texnologiyali davolash usullari Sirdaryo viloyati, uning olis va chekka hududlarida ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa, sog‘lig‘ida muammosi bor, davolanishga muhtoj bemorlarga yuqori texnologiyali tashxislash, davolash xizmatlarini ko‘rsatish imkonini bermoqda,– deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, endovaskulyar xirurg Xurshid Hakimov. – Eng muhimi, ilgarilari sirdaryolik bemorlar bu turdagi amaliyotlar uchun nafaqat respublika ixtisoslashtirilgan muassasalariga, xorijga borishgan bo‘lsa, endilikda bunga hojat qolmayapti. Misol uchun aytganda, Sirdaryoda buyrak transplantatsiyasi bilan bog‘liq o‘tkazilgan amaliyotlar soni 19 dan oshgan bo‘lsa, yurak- qon tomirlarida muammosi bor bo‘lgan 4108 nafar bemorda stentlash va karonografiya amaliyoti, chanoq-son suyagining yemirilishi bilan bog‘liq yuqori texnologik total endoprotezlash amaliyoti 250 dan oshdi. Va shu bilan birga, qizilo‘ngach diafragma teshigi churrasi bilan bog‘liq laparoskopiya, tizza bo‘g‘imi osteoartrozini artroskopiya usulida bartaraf etish, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida esa retrograd endoskopik pankreatoxolangiografiya amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida o‘t tosh kasalligining murakkab shakllari bilan kasallangan 10 nafar bemorda yuqori texnologik amaliyotlar bajarilib, ularning salomatliklari tiklandi.

Quvonarlisi, mazkur muassasaga Jahon banki Shoshilinch tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasining 530 ming AQSH dollar miqdoridagi mablag‘i hisobiga eng so‘nggi rusumdagi angiografiya apparati keltirildi. Bu esa, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat hududiy filialida bo‘lganidek, yurak koronar qon tomirlarida muammosi bor, shoshilinch tez tibbiy yordamga muhtoj bemorga dastlabki "oltin soat" ichida, ya’ni 6-10 soat ichida yurak koronar qon tomirlar, uyqu arteriyasida va oyoq son arteriyalarida yuqori texnologik tekshiruvlarni o‘tkazish, qolaversa, rentgenendovaskulyar jarrohlik amaliyoti orqali zaruratga qarab bemorlarning yurak-qon tomiri va uyqu arteriyasida angioplastika va stentlash amaliyotlarini o‘tkazishga erishildi.

Bularning hammasi davlatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan e’tibori, soha xodimlari uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar samarasidir. Bu esa, o‘z navbatida, tibbiyotni bemorlarga yaqinlashtirish barobarida aholining sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchi ortishiga xizmat qilmoqda.
Eng asosiysi, Sirdaryoda sog‘liqni saqlash sohasida aholi salomatligini tiklash, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida muhim qadamlar tashlanmoqda. Bu boradagi ishni tashkil etishda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari, u yerda ishlaydigan oila shifokori boshchiligidagi tibbiy brigada a’zolarning o‘rni katta. Chunki, ular ishtirokisiz 146 turdagi kasallikka tashxis qo‘yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo‘yish va yo‘llanma berish, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika bo‘yicha juda ko‘p vazifalarni birgina amaliyot shifokorining o‘zi uddalay olmaydi. Bu ishlarni tashkil etish, tor doiradagi mutaxassislardan ko‘ra, birlamchi bo‘g‘inda ishlaydigan soha xodimlaridan kuch, mahorat, tajriba talab etadi. So‘nggi paytlarda aholi orasida yurak- qon tomir kasalliklari, surunkali nafas yo‘li kasalliklari, gipertoniya, endokrin tizimi va boshqa xavfli kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi boshqa viloyatlarda bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham oshib bormoqda.

O‘lim ko‘rsatkichi ham aynan ana shu kasallikka chalingan fuqarolar orasida kuzatilyapti.
–Kasalliklar profilaktikasiga qaratilgan faoliyatimiz joriy yilda yanada keng miqyosda namoyon bo‘lyapti. O‘tgan davr mobaynida aholining ma’lum qatlamiga yo‘naltirilgan maqsadli tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Bu esa aholining salomatlik ko‘rsatkichlari yaxshilanishida bosh omil bo‘lyapti,–deydi Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Yusuf Mirxonov.–Bunda hududlarda o‘tkazilayotgan aholining salomatlik ko‘rsatkichini yaxshilash, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga qaratilgan salomatlik aksiyalarining o‘rni katta bo‘lmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi "Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq ishlar respublikada birinchilardan bo‘lib Sirdaryoda joriy etilgani bemorlarning muassasada davolangan holati, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli ishlatilganini nazorat qilish imkonini bermoqda. Qolaversa, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga alohida e’tibor qaratilib, ular uchun zarur bo‘lgan dorilarning bir qismi bepul berilayotgani tibbiyotdagi islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi. Bu esa, tibbiy xizmat turi, qamrovi va ko‘lami oshishida juda qo‘l kelmoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri