Tibbiy ta’lim va aholi salomatligi yo‘lida: mavjud muammolar va ustuvor vazifalar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari tomonidan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi 2-son Nukus jamoat salomatligi texnikumi faoliyati o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida tibbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining bugungi holati, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, muassasalarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda pedagoglar va tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, tibbiyot sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, moddiy-texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish va ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi shoshilinch tibbiy yordam markazidagi o‘rganishlar chog‘ida aholiga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, xizmatlar samaradorligini oshirish, tibbiyot xodimlari faoliyati uchun zarur sharoitlarni ta’minlash hamda markazning moddiy-texnik imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqotlarda tizimda uchrayotgan muammolarni chuqur tahlil qilish, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq va amaliy takliflar ishlab chiqish, shuningdek, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi. Bu jarayonda parlament, tegishli tashkilotlar va tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuvlar yakunida muassasalar vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalar, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yo‘llari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, tibbiy ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini yuksaltirish o‘zaro uzviy bog‘liq jarayonlardir. Shu bois, aniqlangan muammolarni tizimli hal etish, ilgari surilgan takliflarni amaliy jihatdan ko‘rib chiqish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri