The Times: FIFA Infantino haqidagi to‘liq hisobotni qariyb 10 yil ochiqlamagan
Tekshiruv doirasida Infantinoning Moskvaga Vladimir Putin bilan uchrashuv uchun qilgan safari, keyin esa Qatarga yo‘l olgani o‘rganilgan. Ushbu safarlar xarajatlari Rossiya va Qatar tomonidan qoplangan.
FIFA prezidenti Janni Infantino 2016-yilda lavozimga saylanganidan ko‘p o‘tmay unga nisbatan o‘tkazilgan tekshiruv tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The Times xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, FIFA ushbu ish bo‘yicha to‘liq hisobotni qariyb o‘n yil davomida ochiqlamagan.
Tekshiruv doirasida Infantinoning Moskvaga Vladimir Putin bilan uchrashuv uchun qilgan safari, keyin esa Qatarga yo‘l olgani o‘rganilgan. Ushbu safarlar xarajatlari Rossiya va Qatar tomonidan qoplangan.
Shuningdek, Infantinoning Milandan Rimga rafiqasi va onasi bilan birga borib, Rim papasi Fransisk bilan uchrashgan safari ham alohida tekshirilgan.
FIFA prezidenti tergovchilarga xususiy samolyot rossiyalik milliarder Leon Semenenkoga tegishli bo‘lganini aytgan. U Alisher Usmonovning sobiq biznes hamkori sifatida tilga olingan.
FIFA Etika qo‘mitasi tekshiruvni 2016-yil yozida yakunlagan. Yakunda Infantino oqlangan va xususiy samolyotlardan foydalanishda qoidabuzarlik aniqlanmagan.
Tekshiruv Infantinoning FIFA prezidenti etib saylanganidan keyingi shartnomasini ham qamrab olgan. U dastlab shartnomani imzolashdan bosh tortgan va yiliga 2 mln dollar miqdoridagi taklif qilingan maoshni "haqoratomuz" deb atagan.
Tergov yakuniga ko‘ra, Infantino barcha ko‘rib chiqilgan holatlar bo‘yicha oqlangan va unga nisbatan hech qanday jazo chorasi qo‘llanmagan.