“The Independent” bosh muharriri O‘zbekistonga tashrif buyurdi
Zamonaviy Britaniya matbuotining eng nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan “The Independent” bosh muharriri Jorj Greygning mamlakatimizga rasmiy tashrifi O‘zbekistonning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va xalqaro media hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan muhim voqea bo‘ldi.
Jorj Greygning 35 yillik tajribasi va uning rahbarligida nashrning muvaffaqiyatini hisobga olsak, bu tashrif ortida mamlakatning muhim qadamjolarini “kashf etish” strategiyasi yotganini ko‘rish mumkin.
Bu esa O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi pozitsiyasini kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tashrif dasturining Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi asosiy turizm markazlarini qamrab olgani bejiz emas.

Masalan, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va zamonaviy art-makonlar bilan tanishuv poytaxtning nafaqat tarixiy, balki innovatsion madaniy markaz sifatidagi rolini ko‘rsatdi.
Samarqanddagi Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va Imom al-Buxoriy majmuasi kabi ob’ektlar esa nafaqat tarixiy meros, balki diniy va madaniy turizm salohiyatini ochib berdi.
Mazkur tashrifni qisqa muddatli PR voqeasi sifatida emas, balki uzoq muddatli media hamkorlikning boshlanishi sifatida ko‘rish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki bugungi kunda turizm rivoji ko‘p jihatdan “storytelling” va vizual kontent orqali shakllanadi.

Agar “The Independent” platformasida O‘zbekiston haqida maqolalar, reportajlar yoki maxsus loyihalar e’lon qilinsa, bu nafaqat turistlar oqimini oshiradi, balki investorlar va xalqaro hamjamiyat e’tiborini ham jalb etadi.
Jorj Greygning O‘zbekistonga tashrifi mamlakatning ochiqligi, madaniy boyligi va zamonaviy rivojlanish yo‘lini xalqaro maydonda targ‘ib qilishdagi muhim qadamlardan biridir.
Bu voqea global media bilan samarali hamkorlik qilish orqali turizm, madaniyat va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA