Texnopark – tadbirkorga madadkor
Poytaxtimizda «Yakkasaroy» texnoparki tomonidan tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, kichik biznes vakillarini eksport faoliyatiga yanada keng jalb etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda «Yakkasaroy» texnoparki tomonidan tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, kichik biznes vakillarini eksport faoliyatiga yanada keng jalb etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va «Yakkasaroy» texnoparki hamkorligida tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
2014-yilda sobiq «Toshkent to‘qimachilik kombinati» OAJ hududida tashkil etilgan «Yakkasaroy» texnoparki faoliyati tadbirkorlarga ishlab chiqarish maydonlarini imtiyozli shartlarda ijaraga berish orqali ularning iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada oshirishga qaratilgan.
Toshkent shahridagi texnoparklar orasida eng katta maydonni egallagan (57,71 gektar) mazkur texnoparkda 50 bino va inshoot, 21 nimstansiya, 5 artezian qudug‘i, 20 kilometr kanalizatsiya tizimi, tozalash inshootlari va temir yo‘l xizmat ko‘rsatadi.
O‘nga yaqin korxona bilan o‘z faoliyatini boshlagan texnoparkda bugunga kelib 207 tadbirkorlik subyekti to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, yog‘ochni qayta ishlash, qog‘oz, mashinasozlik tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. 2014-yilda hududdagi korxonalarda mingdan ziyod odam ishlagan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu ko‘rsatkich 5700 nafardan oshdi.
– Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga jalb etish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar biz, tadbirkorlarning chet el bozorlariga chiqishimiz, xorijiy hamkorlar topishimizda qo‘l kelmoqda, – deydi «Material plast produkt» MChJ rahbari Kamola Ayupova. – Mazkur uchrashuvda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan eksport amaliyotlarini amalga oshirish, xorijiy ko‘rgazmalarda ishtirok etish yuzasidan bildirilgan takliflar yanada ko‘p tadbirkorni eksport yo‘nalishiga jalb etishga xizmat qiladi.
Tadbirda kichik biznes vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.