Texnik tartibga solish tizimi tubdan yangilanmoqda
Mamlakatimizda mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tadbirkorlar faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish hamda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini kuchaytirish maqsadida texnik tartibga solish sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi farmoni sohani tubdan takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat asosida tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratildi, ortiqcha ma’muriy to‘siqlar qisqartirildi.

2026-yil 1-apreldan boshlab xorijiy, eksport bozorlarida talab etiladigan standartlar asosida muvofiqlikni baholashga ruxsat berildi. Shu bilan birga, sohada davlat raqobati cheklanib, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish choralari ko‘rildi. 36 ta davlat tashkilotida sifat menejeri lavozimi joriy etildi hamda “Sifat bo‘yicha ko‘makchi” elektron platformasi ishga tushirildi. Mutaxassislar tayyorlash tizimi erkinlashtirilib, sohada malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlari kengaytirildi.
2026-yil 1-maydan standartlar majburiyligi bosqichma-bosqich bekor qilinib, ixtiyoriy tartibga o‘tkaziladi. Shuningdek, xalqaro standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti joriy etiladi. Bu esa ishlab chiqaruvchilar uchun ortiqcha talablarni kamaytirish va mahsulotlarning xalqaro bozorlarga chiqishini osonlashtirishga xizmat qiladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab “Milliy muvofiqlik belgisi” — Conformity Uzbekistan joriy etiladi. Shu bilan birga, muvofiqlikni baholash tizimi xavf-xatarga asoslangan tartibga o‘tkaziladi. Sun’iy intellekt orqali standartlarning sanoatga ta’sirini baholash tizimi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Metrologiya sohasida esa qiyoslashdan kalibrlash va verifikatsiya tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida 2026–2028-yillarda 7 ming 865 ta xalqaro standart qabul qilinishi rejalashtirilgan. Majburiy sertifikatlash bosqichma-bosqich bekor qilinib, deklaratsiyalash tizimiga o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bozor nazorati xalqaro talablar asosida qayta tashkil etilmoqda.

Sohada raqamlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi — tris.uz orqali standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash va akkreditatsiya jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi. Bu orqali qog‘oz hujjatlardan voz kechilib, xizmatlar tezkor va shaffof shaklda ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektron platformalar ishga tushirilib, minglab tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada mahalliy mahsulotlar eksporti hajmi ham sezilarli darajada oshgani qayd etilmoqda.

Umuman, texnik tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar mamlakatimizda sifat infratuzilmasini takomillashtirish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va milliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA