Texnik kanop yetishtirish qayta tiklandi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi “RS SUCCESS AGRO” biotexnologiya industrial agrokompleksiga qarashli dalalarda ilk marotaba 3,5 metr balandlikdagi texnik kanop hosili yetishtirildi. Bu innovatsion yondashuvdan foydalangan holda kuchini yo‘qotgan, sho‘rlangan yerlarda erishilgan eng yuqori natijadir.
Agrotexnologiyada innovatsion yondashuvdan foydalangan holda atigi to‘rt yil ichida Respublikada azaliy kanopchilik an’analari muvaffaqiyatli tiklandi. Shuningdek, mazkur agrokompaniya qishloq xo‘jaligining innovatsion mo‘’jizasini amalga oshirish imkonini beruvchi noyob intellektual texnologiyalar va eng zamonaviy uskunalarning to‘liq to‘plamiga ega. Loyiha endigina boshlangan 2019 yilda O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatida bunday natijalar imkonsiz bo‘lib tuyular edi. Bugungi kunda esa qishloq xo‘jaligi mutaxassislari buni mo‘’jiza deb atashmoqda.
– 2023 yilda texnik kanopdan rekord darajadagi hosil olish O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tarixida mutlaqo yangi sahifaning boshlanishi hisoblanadi, – deydi “RS SUCCESS Agro” kompaniyasi bosh direktori Robiya Ibragimova. – Bu natija bizning agrokompleksimiz bilan hamkorlik qiladigan yevropalik seleksionerlarda ham katta taassurot qoldirdi. Buning ortida yuzlab mutaxassislar, novatorlarning mashaqqatli mehnati, noyob mualliflik ishlanmalari bor.
Kompaniya zararli kimyoviy moddalar va o‘g‘itlardan foydalanmasdan mo‘l hosil olish uchun uzunligi 12 ming kilometr bo‘lgan innovatsion yer osti tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etdi. Bu har bir suv tomchisini o‘simlikning ildiziga qat’iy ravishda tarqatish imkonini beradi. Ekinlar holatini onlayn nazorat qilish uchun minglab o‘rnatilgan datchiklarni birlashtirgan texnologiya zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkonini beradi.
Agrokompleks barqaror va samarali hosildorlikni va mamlakatda qishloq xo‘jaligining yanada ravnaq topishini ta’minlash uchun qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga intilib, o‘z innovatsiyalarini davom ettirish niyatida.
Umid Zunnunov,
“RS SUCCESS Agro” matbuot xizmati rahbari,
O‘zA