Test jarayonlarining shaffof va xolis o‘tkazilishi ta’minlandi
Buxoro viloyatida bugun boshlangan 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlariga barcha sharoitlar yuqori darajada tashkil etildi.
Jarayonning ochiqligi, shaffofligi va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha test o‘tkazilayotgan binolar zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan to‘liq jihozlandi. Shuningdek, test jarayonlarini test2026.uz internet sayti orqali onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgani jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Test sinovlarini tashkil etish va boshqarish ishlariga Bilim va malakalarni baholash agentligining malakali mutaxassislari jalb etilgan. Bundan tashqari, agentlik tomonidan tanlov asosida saralab olinib, shartnoma tuzilgan 114 nafar guruh nazoratchisi hamda 4 nafar surdotarjimon test jarayonlarining belgilangan tartibda o‘tishini ta’minlamoqda. Surdotarjimonlarning jalb etilishi nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
[gallery-30407]
Test sinovlarini belgilangan tartib va xavfsizlik talablariga muvofiq o‘tkazish maqsadida Buxoro viloyati hokimligi ishchi guruhi tomonidan muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, jamoat tartibini saqlash va ishtirokchilar xavfsizligini ta’minlash uchun Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar xizmati hamda tez tibbiy yordam brigadalari doimiy xizmat olib bormoqda.
Oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining adolatli, shaffof va xolis o‘tkazilishi har bir yoshning bilimiga munosib baho berish, ularning kelajakdagi ta’lim yo‘lini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA