Termizda yosh avlod chavandozlari kamol topmoqda
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi va Chavandozlar maktabida bo‘lib, milliy merosimizning yana bir ajralmas qismi bo‘lgan qorabayir otlarini parvarishlash va ot sportiga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Prezidentimizning 2021-yil 5-avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan majmuada yosh avlod chavandozlari tarbiyalanib, milliy ot sporti musobaqalari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun yosh avlod vakillari mahorat maktabidagi seksiya va klublarga keng jalb etilmoqda. Shuningdek, noyob zotli otlardan foydalanishni ommalashtirib, milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish, yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan Qorabayir zotli otlar bosh sonini ko‘paytirish yuzasidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat rahbari muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, ot sportini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud infratuzilma hamda yosh chavandozlar uchun tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Maktab hududida bunyod etilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy otxonalar, mahorat maktabi kompleksi, chavandozlar maktabi loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Loyihalarda otlarni parvarishlash, ularni tayyorlash va sportchilar uchun qulay sharoit yaratishga e’tibor qaratilgani alohida e’tirof etildi.

Qorabayir zotli otlar egarda yurishdan tashqari yuk tashish va qishloq xo‘jaligi yumushlarida ham yaxshi samarasi beradi. Baquvvatligi, g‘ayratli, yuvosh va itoatkorligi, tezkor va sharoitga tez moslashuvchanligi bilan ham shuhrat qozongan. Xalqimiz milliy o‘yinlar, jumladan, uloq-ko‘pkari musobaqalarida qorabayir zotli otlardan foydalanadi.

Viloyat hokimi bu yerda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, infratuzilmani yanada rivojlantirish, ot sportini ommalashtirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarini berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri