Termizda “Yangi nafas” g‘oliblari ma’lum bo‘ldi
Termiz shahrida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan “Yangi nafas” sport musobaqasida besh mingdan ortiq yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan surxondaryolik ishtirok etdi.

Marafonga start berilgan Alisher Navoiy ko‘chasidagi “Surxon arena" sport majmuasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni “Navro‘z” umumxalq bayrami bilan tabriklab, musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi. Ko‘p ming yillik tarixga ega bayramning milliy qadriyat va urf-odatlarimizni keng tarannum etish hamda xalqimiz orzu-umidlarini ruyobga chiqarishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Vohada yangilanish va yasharish bayrami oldidan o‘tkazilgan marafonga alohida tayyorgarlik ko‘rilib, musobaqa qatnashchilari uchun barcha sharoit yaratildi. Ularning xavfsiz, erkin yugurishi uchun bellashuvga start berilgan Alisher Navoiy ko‘chasidan "Bolajon bog‘i"i hududidagi finishgacha bo‘lgan uch kilometr masofada obodonlashtirish ishlari olib borildi. Qatnashchilarning yo‘l harakati, jamoat tartibi, yong‘in va boshqa xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rildi.

Marofonning erkaklar o‘rtasidagi musobaqasida Aliakbar Allanazrov marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Behzod Ravshanov ikkinchi, Abdulaziz Qurbanqulov uchinchi o‘rinni egalladi. Xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvda birinchi o‘rin Dinara Anvarovaga nasib etdi. Umida Toshmirzayeva hamda Mohino Ro‘ziyeva ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng keksa ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA