Termizda kitobxonlik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda
Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston kitobxonlar yurti” shiori ostidagi kitobxonlik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Kitobxonlik haftaligining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda kitob mutolaasi, kitobsevarlikning foydali jihatlari, aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyati shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilar mazkur axborot-kutubxona markazi va bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Kitob haftaligining ilk kunidan boshlab mazkur kutubxona o‘quvchilar bilan gavjum bo‘ldi. Ular kutubxonada mavjud ko‘plab tarixiy, badiiy va ommabop kitoblar bilan tanishdilar.
[gallery-1935]
Tadbir doirasida “Zulfiyaxonim izdoshlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida ushbu davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan surxondaryolik qizlar she’riyatga qiziqishi bor yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Ijodiy uchrashuv davomida kitobxon o‘quvchilarning ijod namunalari tinglandi.
Kitobxonlik haftaligi davomida turli ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik taqdimotlari va she’rxonlik kechalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yangi kitoblar taqdimoti hamda buyuk shoir va yozuvchilar Alisher Navoiy, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimovning tavallud ayyomiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA