Termiz davlat universitetida yangi rektor ish boshladi
Termiz davlat universitetida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda texnika fanlari doktori, professor Avazjon Marahimov universitet rektori etib tanishtirildi.
Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ilm-fan yutuqlaridan oqilona foydalanib, kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda yurtimizning turli hududlarida oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari tashkil etilib, malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga e’tibor kuchaytirilayotgani qayd etildi.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham oltita oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, vohada ehtiyoj sezilayotgan kadrlar tayyorlanmoqda. Birgina Termiz davlat universitetidagi 13 ta fakultetda 22 mingdan ortiq talaba o‘zi tanlagan kasb sirlarini chuqur egallayotir. Ularga mingga yaqin professor va o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya bermoqda.
Termiz davlat universiteti rektori A.Marahimov o‘tgan yillardagi ish faoliyati davomida qator mas’ul vazifalarda ishlagan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, Xalq ta’limi vaziri lavozimlarida xizmat qilgan.

Avazjon Marahimov ushbu tayinlovga qadar Mirzo Ulug‘bek nomli Toshkent davlat Milliy universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. Toshqulovlar so‘zga chiqdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri