Tennischilarimiz xalqaro turnir yarim finalida
Farg‘onada Xalqaro tennis federatsiyasi va mamlakatimiz tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan J60 tasnifidagi turnirda yarim finalga yo‘l olgan raketka ustalari nomi aniq bo‘ldi.
Turnirning juftlik bahslarida Elnura Boltaboyeva va Fotima Mahmudova tandemi chorak finalda qozog‘istonlik Linara Bulesheva hamda neytral tennischi Mariya Masliakovaga qarshi kortga chiqib, 6:3, 1:6, 10:8 hisobida zafar quchdi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi Elnura hamda Fotima final ostonasida qozog‘istonlik Kristina Kruchenko va Yerkejan Janatayeva bilan raqobatlashadi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yarim finalda o‘zbek derbisi bo‘lib o‘tadi. Unda Danila Kvasov va Ahmadjon Toshmuhammedov dueti Akmal Abdullayev va Suhrob Saidov juftligi bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, Danila Kvasov yakkalik bahslarining yarim finalida ham ishtirok etadi. Danila ushbu bosqichda neytral tennischi Aleksander Kunitsinga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA