“Temuriylar davri renessansi: fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyoti”
Samarqand davlat pedagogika institutida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Germaniya va Xitoydagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari professor-o‘qituvchilari, tarixchi olimlar va tadqiqotchilar onlayn va bevosita ishtirok etdi.
Anjumanda Samarqand davlat pedagogika institut rektori Shahzoda Negmatova, Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Lochinbek Yaxshilikov, Turkiyaning turkshunoslik tadqiqotlari instituti professori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti ilmiy xodimi Shafoaddin Deniz Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyatga qaratilgan e’tibor samarasini o‘rganish bugun uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-28615]
Konferensiya davomida ishtirokchilar buyuk jahongirning faoliyati, kuchli markazlashgan davlat barpo etish yo‘lidagi harbiy salohiyati, siyosiy va iqtisodiy tafakkuri haqida ma’ruzalar qildi. Samarqand va boshqa shaharlarda bunyod etilgan madrasalar, bu muassasalarda o‘z davrining yetuk olimlari saboq bergani, Sohibqiron dunyoning turli o‘lkalaridan nafaqat usta va hunarmandlar, balki ilm ahlini ham o‘z mamlakatiga chorlab ularga qo‘llab-quvvatlagani haqida tarixiy manbalar asosida so‘z yuritildi.
– Sohibqiron Amir Temur haqida gapirganimizda buyuk jahongirning qudratli davlat barpo etgani, bunyodkorlik ishlariga ko‘p e’tibor qaratamizu lekin ilm-fan homiysi sifatida ham olim va ijodkorlar, mudarrislaru diniy ulamolarni qo‘llab-quvvatlagani, bir qator madrasalar tashkil etgani haqida kam gapiramiz, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov. – Vaholanki, buyuk bobomiz nafaqat Samarqand va boshqa shaharlarimizda, balki qaysi yurtni egallab olgan bo‘lsa, o‘sha joylarda ham masjid va madrasalar qurdirgan, ilm-fan rivoji uchun sharoit yaratib bergan. Ulug‘ jahongirning o‘z farzandlari ta’lim-tarbiyasiga e’tibori bu o‘sha davrning ma’rifatiga, jamiyatning ertangi kuniga e’tibori hisoblanadi.
Anjuman yakunida Temuriylar davri merosini chuqur o‘rganish, uni zamonaviy ta’lim tizimiga integratsiya qilish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xalqaro konferensiya qatnashchilari Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi va boshqa tarixiy-madaniy obidalarni ziyorat qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari