Teatr zahmatkashlari sharaflandi
Mamlakatimizda “Teatr tomoshalari haftaligi” baland ruhda, yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizda Xalqaro teatr kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali ma’rifiy tadbirda teatr san’atining rivoji, ushbu ijodiy haftalikning ahamiyati haqida bafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov milliy teatr san’atimizni ravnaq toptirish ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda asosiy o‘rin egallashini e’tirof etdi.
– Ijod – mashaqqatli jarayon, – dedi Ozodbek Nazarbekov. – Parda ortida qancha mehnat, qancha zahmat, qancha qayg‘u va dard yotganini san’at ahli yaxshi biladi. Teatr san’ati vakillari har qanday qiyinchilikni, hayot yo‘llarida uchrab turadigan har qanday muammo va mashaqqatlarni mardonavor yengib o‘tib, sevgan kasbiga, qadrdon sahnasiga hamisha sadoqat ko‘rsatib, fidoyilik bilan xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, tadbirda ta’kidlanganidek, teatr san’atini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yilning noyabr oyida bu borada alohida qaror qabul qilindi. Moddiy imkoniyatlar kengaydi.
Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etildi. O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi huzurida Dramaturgiya va teatr tanqidchilari klubi tashkil qilindi. Teatrlar uchun milliy qahramon va "Inson qadri uchun" ezgu g‘oyasini targ‘ib etuvchi davlat buyurtmalari joriy qilindi. “Rejissyor – dramaturg – kompozitor – rassom” tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy seminari yo‘lga qo‘yildi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi asosida mamlakatimizdagi barcha davlat teatrlarida “Teatr tomoshalari haftaligi” yuqori saviyada o‘tkazildi.

Mazkur haftalik davomida Madaniyat vazirligi tizimidagi 37 ta davlat teatrlari tomonidan 300 ga yaqin tomoshalar namoyish etilgan bo‘lib, ushbu spektakllarga 103 ming nafardan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi. Shuningdek, turli joylarda fleshmoblar o‘tkazildi.
– Keyingi yillarda ijodiy jamoamiz uchun jahonning turli davlatlariga gastrollar qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaydi, – dedi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov. – Xorijlik mohir mutaxassislar bilan birgalikda yangi spektakllarni, ijodiy loyihalarni amalga oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, teatr san’ati muxlislari uchun yanada qiziqarli va rang-barang spektakllar taqdim etish yo‘nalishida tinimsiz ish olib borilmoqda.
Tadbir davomida teatr sohasida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan ijodkorlar, texnik xodimlar “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Samarali mehnat qilayotgan teatr ijodkorlarining yana bir katta guruhiga Madaniyat vazirligining tashakkurnomalari, sovg‘alari topshirildi.
Tantanali tadbir san’at ustalari va ijodkor yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri