Teatr fidoyilari taqdirlandi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida 15 aprel - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan yurtimiz teatrlarida mehnat qilayotgan bir guruh ijodkorlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov mamlakatimizda ma’rifiy jabhalarda olib borilayotgan islohotlarda teatr san’ati rivojiga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
- bugungi kunda teatrlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda, - dedi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston Davlat musiqali teatri aktrisasi Mehri Bekjonova. - Chet davlatlardan rejissyorlarni, ijodkorlarni taklif etish, o‘zaro ijodiy muloqot o‘rnatish, xalqaro festivallarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Bularning barchasi yanada ko‘proq izlanish, ijod qilishga undaydi.
Tadbirda sahna san’ati yo‘nalishida samarali mehnat qilayotgan bir guruh rejissyorlar, sahna ustalari, rassomlar, grimchilar, libos ustalari turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom, faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA