Tbilisida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Gruziya biznes-forumidan fotoreportaj
Tbilisi shahrida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan O‘zbekiston – Gruziya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining so‘nggi 23 yildagi Gruziyaga ilk rasmiy tashrifi arafasida tashkil etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili ochib berdi.
Tadbirda ikki mamlakatning kompaniyalari, moliyaviy institutlari, erkin industrial zonalari, tarmoq uyushmalari va konsalting tashkilotlarining qariyb 300 nafar vakili ishtirok etdi. Forum doirasida O‘zbekistonning investitsiya salohiyati, mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda iqtisodiy islohotlar natijalari taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, 2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyoti ikki barobar o‘sgan. 2025-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7,7 foizni tashkil etgan. Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 4 mingtadan 20 mingtaga yetgani qayd etildi.
Forumda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-30186]
Transport va logistika, jumladan, O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Poti erkin industrial zonasida savdo-logistika va ishlab chiqarish xabini tashkil etish, farmatsevtika, agrosanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli xizmatlar va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar turizm, moliyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashdi. Shuningdek, B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar o‘tkazilib, qator investitsiya tashabbuslari muhokama qilindi.
Forum yakunida ikki tomonlama hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.
Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA