Tayyorlov maskanlari mavsumga shay
Namangan viloyatida 82 ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta hosilini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay yig‘ib-terib olish, tayyorlov maskanlari va paxta tozalash korxonalariga topshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Namangan viloyatida 82 ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta hosilini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay yig‘ib-terib olish, tayyorlov maskanlari va paxta tozalash korxonalariga topshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.“Namanganpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining faoliyati bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Jamiyat tizimidagi tayyorlov maskanlari va paxta tozalash korxonalarida mavsumga puxta hozirlik ko‘rildi. “To‘raqo‘rg‘on paxta tozalash”, “Norin paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatlari kabi Uchqo‘rg‘on, Chust, Mingbuloq, Pop, Kosonsoy, Uychi tumanlaridagi 8 shunday korxonaga qarashli 21 tayyorlov maskani tomonidan paxta xomashyosini qabul qilish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzilgan.
– Tayyorlov maskanlarida fermer xo‘jaliklaridan yuborilgan paxtani tezkorlik bilan qabul qilib olish, quritish va sifatli saqlash hamda boshqa texnologik jarayonlarni belgilangan tartibda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Namanganpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Odiljon Xolmirzayev. – Paxta uzatish va quritish qurilmalarining kichik mexanizmlari to‘liq ta’mirlandi. Korxonalarda paxta uzatuvchi va qabul qiluvchi qo‘shimcha sakkizta PL-transportyori o‘rtnatildi. Tayyorgarlik ishlari doirasida korxonalar hududi yong‘inga qarshi kurash vositalari bilan jihozlanib, xavfsizlik texnikasi moslamalari sinovdan o‘tkazildi. Mavsumga tayyorgarlik ishlarida mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi talablari bajarilishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tayyorlov maskanlari korxonalaridagi elektr uzatish tarmoqlari, elektr shkaflar, elektr o‘lchagich jihozlari va ehtiyot qismlar laboratoriya sinovidan o‘tkazilib, yaroqsizlari yangilandi.