Tayvanda zavod yondi. 5 kishi halok bo‘ldi
Tayvan janubidagi golf to‘pi ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan yong‘in va keyingi portlash kamida besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Ofat tufayli 100 dan ziyod odam jarohatlandi, besh insonning taqdiri hali noma’lum. Bu xabarni mahalliy “Focus Taiwan” axborot agentligi tarqatgan.
Yong‘in juma kuni kechqurun Pingtung okrugidagi korxonada boshlanib, bir kecha-kunduz davom etgan. Rasmiylar aytishicha, uch nafar o‘t o‘chiruvchi ham halok bo‘lgan.
Qutqaruvchilar zavodning to‘rt ishchisi va bir o‘t o‘chiruvchini hamon qidiryapti.
100 dan ortiq odam tan jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Tayvan Prezidenti Say Inven shanba kuni qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi, hodisadan jabr chekkanlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Pingtunga borishini aytdi.
Okrug hukumati jabrdiydalarga yordam ko‘rsatish maqsadida favqulodda jarrohlik markazi tashkil qilgan.
Pingtung sudyasi Chou Chunmi voqea sababini aniqlash bo‘yicha tekshiruv boshlanganini bildirdi.
Rasmiylar taxminicha, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishga urinayotgan paytda sodir bo‘lgan portlashga tabiiy gaz sabab bo‘lgan.