Tashrif - taraqqiyot sari yetaklamoqda
Jizzax viloyatida investitsiya muhitini yanada yaxshilash, yirik sanoat loyihalarini jadal amalga oshirish hamda eksportbop ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha boshlangan tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonlarda davlat idoralari va investorlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik, ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 22-iyulida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishar ekan, investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tezroq ishga tushirish, eksport salohiyatini oshirish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish hamda sanoat tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab bergan edi. Bugun mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida hududda amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu maqsadda Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Farhod Ortiqov Zomin tumanida barpo etilayotgan “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, ishlab chiqarish korxonalari uchun yaratilayotgan infratuzilma va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak bilan tanishdi.
Bugungi kunda 400 gektar maydonni egallagan mazkur sanoat hududi viloyatning eng yirik investitsiya nuqtalaridan biriga aylanib bormoqda. Bu yerda elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, kimyo, farmatsevtika, transformatorlar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, lift hamda mebel ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 30 dan ziyod investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish rejalashtirilgan.
Loyihalarning amaliy bosqichlari bilan tanishish asnosida tadbirkorlar va Xitoy investorlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda ishlab chiqarish korxonalarini zamonaviy texnologik uskunalar bilan ta’minlash, import qilinayotgan jihozlar va xomashyoning bojxona rasmiylashtiruvini tezkor tashkil etish, amaldagi imtiyozlardan samarali foydalanish, yuklarni qisqa muddatlarda rasmiylashtirish hamda eksport-import operatsiyalarini yanada soddalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosarlari Bekzod Egamov hamda Bahrom Yusupov, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Farhod Ortiqov, tegishli idoralar mas’ullari, mahalliy tadbirkorlar hamda xorijiy investorlar ishtirok etishdi. Suhbat davomida maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bugungi holati, ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish bilan bog‘liq vazifalar va mavjud masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Alohida ta’kidlanganidek, investitsiya muhitining jozibadorligi nafaqat soliq va huquqiy imtiyozlar, balki ma’muriy tartib-taomillarning soddaligi, yuklarning tezkor rasmiylashtirilishi va tashqi savdo jarayonlarining samaradorligi bilan ham belgilanadi. Shu bois bojxona organlari tomonidan investitsiya loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarning vaqt va ortiqcha sarflagan xarajatlarini qisqartirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada qulay mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Muloqot chog‘ida Farhod Ortiqov investorlar va tadbirkorlarning bojxona sohasiga oid murojaatlarini tinglab, ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni qonunchilik doirasida tezkor hal etish, amaldagi imtiyoz va yengilliklardan samarali foydalanish tartiblari bo‘yicha zarur tushuntirishlar berdi.
Shuningdek, yaqin istiqbolda texnoparkda ishlab chiqarish hajmi va tashqi savdo aylanmasi keskin ortishi inobatga olinib, bojxona-logistika infratuzilmasini yanada takomillashtirish, yuk oqimlarini samarali boshqarish hamda eksportyor korxonalar uchun qo‘shimcha xizmatlar joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Bu esa sanoat zonasida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni tashqi bozorlarga yanada tez va raqobatbardosh yetkazib berish imkoniyatini kengaytiradi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, texnoparkda rejalashtirilgan barcha loyihalar to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 4,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million AQSH dollarilik tayyor mahsulotni eksport qilish imkoniyati shakllanadi.
Tadbir yakunida investorlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish hamda investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar topshirildi.

Zomin texnoparkida kechayotgan bu jarayonlar Prezident tomonidan belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosi, eng muhimi, davlat idoralari, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik muhiti mustahkamlanib borayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Bunday yondashuv esa Jizzax viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, sanoat salohiyatini yuksaltirish va eksport geografiyasini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri