Tashabbuskor yoshlar yurt ravnaqiga daxldor
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish borasida izchil choralar amalga oshirilmoqda. Ayni shu maqsadda hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilgani esa xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Namanganda viloyat soliq boshqarmasi hamda shahar, tuman soliq inspeksiyasi rahbari mas’ul qilib biriktirilgan to‘rtinchi sektor tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida hududlarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarni hal etish, fuqarolar bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, qolaversa, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasida salmoqli ishlar qilindi.


Viloyatda to‘rtinchi sektor hududi bo‘yicha 166 mahallada joylashgan 127,9 ming xonadonda 681,7 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning avvalida biriktirilgan oilalarning 14,8 mingtasi, ya’ni 9,6 foizi kambag‘al oilani tashkil qilgan bo‘lib, o‘tgan davrda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida 5 ming oila va 22,1 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilib, bu boradagi ko‘rsatkich 3,2 foizga kamaydi.
– Yurtimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash hamda “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi sifatida joriy etilgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” kabi ijtimoiy daftarlarga kiritilgan xonadonlarda to‘rtinchi sektor mutasaddilari tomonidan tizimli ishlar olib borilgani o‘z samarasini berdi, – deydi Namangan viloyati soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Ulug‘bek Inomov. – Ularda asosiy e’tibor ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va ularni ishsiz a’zolarini bandligini ta’minlashga qaratildi. Xususan, “Temir daftar”ga 8 ming 511 oila va 38 ming 213 nafar fuqaro, xususan, yosh yigit-qizlar ham kiritilib, ularga 11 ming 554 marotaba 11,3 milliard so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarning 12 ming 604 nafari ishga joylashtirildi.

“Yoshlar daftari”ni shakllantirishda joriy yilning o‘tgan davrida yoshlar so‘rovnoma asosida xatlovdan o‘tkazilib, daftarga kiritilgan 2 ming 291 yoshdan 1 ming 487 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Yoshlardan 21 nafariga nodavlat ta’lim muassasalarida kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan, yetti nafariga kredit, 26 nafariga dehqonchilik uchun yer maydonlari ajratildi. 24 nafariga esa ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida o‘qish xarajatlari qoplandi.
Yechimi topilgan masalalarni sohalar kesimida tahlil qilganda, ularda asosan ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit va ekin maydoni hamda asbob-uskuna, mehnat qurollari xaridi uchun subsidiya ajratish, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning kontrakt to‘lovi, fan va chet tillariga o‘qitish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda davolanishiga ko‘maklashish kabi murojaatlar hal etilgan.

Masalan, Namangan viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomovga Namangan tumani Qirg‘izqo‘rg‘on mahallasidan 15 nafar, Oqbuloq mahallasidan 12 nafar og‘ir toifadagi yoshlar biriktirilib, o‘tgan davrda ular bilan turli toifalarga ajratilgan ish tashkil etildi. Ular orasida xorijiy migratsiyadan qaytib kelganlardan tortib, bezorilik qilishga moyil, muntazam dars qoldiruvchi, oilaviy ajrim yoqasidagi, probatsiya hisobidagi yoshlarni uchratish mumkin. Mazkur toifadagilar bilan birma-bir o‘tkazilgan uchrashuvlarda ular tomonidan ko‘tarilgan beshta muammo yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatilib, hal etildi. Ikki kishiga ekin maydoni ajratilgani, bir nafariga fan va chet tillarini o‘qitish bo‘yicha ko‘maklashilgani, avvalo, ularni sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Aholi va yoshlarning dolzarb muammolarini hal etish, xalq bilan muloqotni uzviy ta’minlashda ommaviy sayyor qabullar, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari muntazam o‘tkazilishi alohida o‘rin tutadi. Sayyor qabullarda shu yilning o‘tgan davrida 479 ta sayyor qabul tashkil etildi. Unda turli xil mazmundagi 2 ming 525 dan ortiq murojaat tushib, shundan, 2055 tasi ijobiy hal etildi. “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida bo‘lib o‘tgan 395 ta tadbirda 3 ming 863 nafardan ziyod yosh ishtirok etdi. Navqiron avlod vakillari tomonidan mazkur muloqotlar mobaynida 793 murojaat o‘rtaga tashlanib, shulardan hozirga qadar 263 tasi ijobiy hal etildi.
Viloyatning barcha hududlarida yoshlar bilan tizimli ishlash muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Kelajak bunyodkorlari bo‘lgan yoshlar har sohada o‘z iqtidorlarini namoyish etishga qodir. Ularni doimiy qo‘llash va rag‘batlantirib borish esa kelajakda o‘z samarasini berishiga shubha yo‘q.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.