Taqdimot: “Oltin qalamli jurnalistlar”
Navoiy shahridagi “Matbuot uyi”da O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
“Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 1000 nusxada chop etilgan bo‘lib, mamlakatimizning barcha hududlariga yetkazib berilgan.

Kitobda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan 50 nafarga yaqin ustozlar va sohada mehnat qilib kelayotgan jurnalistlarning publitsistika, jurnalistik surishtiruv, ocherk, feleton kabi 8 ta janr bo‘yicha eng sara materiallari jamlangan.

– “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobining nashr etilishi va undan o‘rin olgan taniqli jurnalistlarning publitsistik yo‘nalishdagi asarlari bugungi kunda jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan yoshlar uchun kasb mahoratini oshirishda uslubiy qo‘llanmalardan biri bo‘lib qoladi, – deydi Uyushmaning viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Qolaversa, kitobga bugungi kunda matbuotimizda deyarli uchramayotgan pamflet, feleton, jurnalistik surishtiruv kabi janrlarga oid materiallarning kiritilganligi esa barcha soha vakillari uchun “mahorat maktabi”ni o‘tashi aniq.

Kitobdan navoiylik faxriy jurnalist Olim Xo‘jayev hamda “Xalq so‘zi” gazetasining Navoiy viloyati bo‘yicha muxbiri Temur Eshboyevning publitsistik maqolalari o‘rin olgan.
Taqdimot yakunida bosma OAV vakillari va faol jurnalistlarga “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi taqdim etildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri