Tanzila Norboyeva: Xotin-qizlarga faqat moddiy yordam berish emas, balki ularni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash kerak
Poytaxtimizda Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan Respublika komissiyasining videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichi doirasida xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, loyihalarni moliyalashtirish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarga faqat moddiy yordam berish emas, balki ularni kasbga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish, doimiy daromad manbai bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish asosiy maqsad etib belgilanganini qayd etdi.
Yordam turlari 23 tadan 46 taga oshirilgani, tibbiy, psixologik, huquqiy, uy-joy va bandlik bilan bog‘liq masalalar kompleks tarzda qamrab olinayotgani ta’kidlandi.

Yangi tartib bilan uy-joy, tibbiy, psixologik va huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaytirildi. Toifalar soni 6 tadan 5 taga qisqartirildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar uchun yordam turlari esa 4 tadan 14 taga yetkazildi.
Tibbiy va psixologik yordamga muhtoj hamda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan xotin-qizlarga davlat tomonidan manzilli ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ular tibbiy order asosida davlat hisobidan davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Jarrohlik amaliyotisiz davolanish uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan 20,6 million so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Agar jarrohlik amaliyoti talab etilsa, xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan belgilangan tartibda to‘liq qoplab berilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda muammolar saqlanib qolayotgani tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, xatlovlarni yuzaki o‘tkazish, aslida doimiy daromadga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni qog‘ozda ish bilan ta’minlangan qilib ko‘rsatish kabi holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, “Ayollar daftari”ga kiritish jarayonida adolat va shaffoflikni ta’minlash, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash muhim ekani qayd etildi.
Yig‘ilishda mahalliy kengashlar deputatlari hududlardagi vaziyatni bevosita o‘rganib, ijroni qat’iy nazoratga olishi lozimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA