Tanqidiy, tahliliy uchrashuvlar
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Toshkent viloyati hokimligida tuman-shaharlar hokimlari o‘rinbosarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari, tijorat banklari vakillari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi, Savdo-sanoat palatasi, Mahallalar uyushmasi va boshqa mas’ul rahbarlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Unda aholi, jumladan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Joriy yilning aprel-may oyida o‘tkazilgan “Xonadonbay” o‘rganish davomida viloyat bo‘yicha 89 ming nafar ishlash istagini bildirgan xotin-qizlar aniqlangan bo‘lib, shu kunga qadar ulardan 35,5 foizining bandligiga ko‘maklashilgan, kasb-hunarga o‘qitilgan va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilgan.

Shuningdek, ayrim tuman-shaharlarda bu boradagi ishlarda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi va mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joylardagi ijobiy tajribalarni hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib tatbiq etish, mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq manzilli choralarni belgilash va amalga oshirilishini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, har bir tuman-shahar hokimliklari amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy, tahliliy ko‘rib chiqib, yil yakuniga qadar hududdagi ishsiz, ishlash istagini bildirgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha aniq, manzilli choralarni belgilashi va amalga oshirishi lozimligi aytildi.
A.Musayev,O‘zA.