Tanlov g‘oyatda qiziqarli o‘tdi
Jizzax davlat pedagogika universitetidagi “Qirol Sejong” koreys tili markazi 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni oldidan yoshlar uchun navbatdagi madaniy tadbir –“K-pop” tanlovini o‘tkazdi.
Ushbu musiqiy kechada Jizzax shahridagi turli ta’lim muassasalaridan kelgan 9 ta jamoa zamonaviy koreys musiqasi — K-pop janridagi raqs va qo‘shiqlarini ijro etishdi.

Yosh ijrochilarning jonli chiqishlari, rang-barang kostyumlari va yoqimli kuy-qo‘shiqlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Mehribon Murodova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– K-pop 1990 yillarda Janubiy Koreyada shakllangan bo‘lib, bugun dunyo miqyosida yoshlar qalbini zabt etgan san’at turiga aylandi, – deydi “Qirol Sejong” markazi menejeri janob Kim. – Jizzaxda ham bu yo‘nalishga qiziquvchi yoshlar soni ortib borayotgani juda quvonarli holdir.

Tadbir davomida koreys madaniyatiga xos taomlar tayyorlanishi barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Markaz ustozlari va o‘quvchilari birgalikda 200 kilogramm chimchi tayyorlash jarayonini namoyish etdilar.
Shuningdek, ishtirokchilar mashhur kimpap taomini ham o‘z qo‘llari bilan tayyorlab, uning retsepti va tayyorlanish sirlarini o‘rganishdi.
Jizzax shahridagi bu musiqiy va kulinar tadbir Koreya muhitini yaratdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
A. Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari