Taniqli rassomning navbatdagi ko‘rgazmasi (+video)
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Sarsenbay Baybosinovning “Iqbol” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi va rassom ijodiga bag‘ishlangan albom-katalog taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Sarsenbay Baybosinov – Qoraqalpog‘iston zamonaviy tasviriy san’atida abstraksionizm va puantilizm oqimida ishlangan kompozitsiyalarni milliy kolorit bilan rivojlantirgan ilk rassom hisoblanadi. Rassom o‘z asarlarida bu oqimga xos xususiyatlarni milliy an’analar bilan bog‘laydi. Shuningdek, u nafaqat ijodkor, balki yosh rassomlarning yetishib chiqishida fidokorona mehnat qilib kelayotgan mo‘’tabar ustoz hamdir. Hozirgi kunda u J.Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida yosh rassomlarga o‘z bilim va tajribasini o‘rgatib kelmoqda.
[gallery-27167]
Sarsenbay Baybosinov zamon, tarix va inson ruhi o‘rtasidagi badiiy muloqotni chuqur falsafiy mazmunda tasvirlab kelayotgan atoqli rassom. Uning ijodida milliy an’analar bilan zamonaviy badiiy tafakkur uyg‘unlashib, muallif dastxatining yorqin uslubini shakllantirgan.
Ko‘rgazmada rassomning 300 dan ortiq badiiy asari tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Ekspozitsiya muallifning so‘nggi yillar ichida yaratgan asarlarini qamrab olgan bo‘lib, etyud, natyurmort, manzara, portret va boshqa janrlarda yaratilgan asarlardan iborat. Bu asarlarda Qoraqalpog‘iston tabiati, tarixiy makon, insonning ichki olami va vaqt nafasi badiiy obrazlar orqali yetkaziladi.
S.Baybosinov o‘z asarlarida puantilizm uslubidan foydalanadi. Nuqtalar yordamidan mohirona foydalanib, keskin rang, chuqur kompozitsiya va emotsional tasvir yaratadi. Bu o‘z navbatida muallif asarlarining badiiy ta’sirchanligini oshirib, ularni keng auditoriya uchun jozibador qilishga yo‘l ochadi.
Ko‘rgazma doirasida rassom ijodiga bag‘ishlangan albom-katalog taqdim etilib, unda muallifning tanlangan asarlari o‘rin olgan. Shuningdek, katalogda san’atshunoslarning fikrlari va ijod yo‘liga oid ma’lumotlar ham beriladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari