Ta’limdan xavfsizlikkacha: Toshkentda yangi tajriba va loyihalar joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni poytaxtdagi O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishi hamda Olmazor tumanidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, Olmazor tumani misolida aholi daromadlarini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari dastlab O‘zbekiston Milliy muzeyining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu yirik loyiha Prezidentimizning 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil avgust oyida mazkur inshoot qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.
Mamlakatimiz yetakchisi muzey hududida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari, ob’ektlar poydevori va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni bilan tanishdi. Majmua yurtimizning boy tarixi, madaniyati va kelajak intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan bo‘lishi ta’kidlandi.
Muzeyning me’moriy qiyofasi va mazmun-mohiyati dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida shakllantirilgan. Loyiha mashhur yaponiyalik me’mor Tadao Ando tomonidan yaratilgan, ekspozitsiya konsepsiyasi esa Germaniyaning “Atelier Brückner” tashkiloti tomonidan tayyorlangan.
Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino hamda 2 qavatli yer osti qismidan iborat bo‘ladi.
Muzey maydonining 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi. Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar, bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi.
Ushbu madaniy maskan bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Bu yerda 10 mingga yaqin tarixiy va san’at eksponatlari namoyish etiladi.
Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi.
Fransiyaning Luvr, AQSHning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz mutasaddilarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlari asosida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari “RomPharm NS” dori vositalarini ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi.
Prezidentimizning 2025-yil 28-yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sohada ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan “RomPharm NS” dori vositalari ishlab chiqarish korxonasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.
Korxonaning asosiy maqsadi ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat. Kelgusida yillik quvvatni 1 milliard dona tabletka, 500 million dona kapsula va 120 million dona sashega yetkazish rejalashtirilgan.
Korxona o‘zining to‘liq ishlab chiqarish sikli va nazorat laboratoriyasi Yevropa Ittifoqining GMP standartlari asosida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi birinchi majmualardan biri hisoblanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 45 million yevroni tashkil etadi. 1,7 gektar maydonni egallagan korxonada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonining 90 foizi avtomatlashtirilgan. Zamonaviy uskunalar Italiya, Germaniya, Avstriya, AQSH, Shveysariya va Bolgariyadan keltirilgan.
Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar to‘liq import o‘rnini bosishga yo‘naltirilgan. Asosiy e’tibor nevrologiya, kardiologiya, metabolik jarayonlar hamda yallig‘lanishga qarshi yo‘nalishlarda qo‘llaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishar ekan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan quvvatlarni kengaytirish, ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Asosiy maqsad importga bog‘liqlikni kamaytirish va sohada yangi ish o‘rinlari yaratish ekani qayd etildi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimizga korxona faoliyatining istiqboldagi rejalari xususida taqdimot qilindi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Prezidentimizning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mahalla bugun butunlay yangi qiyofa kasb etdi.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy byudjetdan 71,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.
Eng katta yangiliklardan biri Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh bo‘ldi. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tunu kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.
Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.
Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratildi. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.
Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.
Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.
Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.
Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatildi. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi. Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratildi.
Bundan tashqari, madaniy hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etildi.
Bu yerda mavjud 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu muassasalardan biri – 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.
Ushbu maskan 1976-yilda qurilgan bo‘lib, uning hududi tubdan kengaytirildi. Muassasaning bo‘sh turgan maydonida jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etildi. Natijada bog‘chaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazildi.
Muassasada bolajonlar salomatligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, kichkintoylarning har tomonlama rivojlanishi uchun ingliz tili, mental arifmetika, tasviriy san’at, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat hamda taekvondo bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Prezidentimizga muassasada bolalar uchun yaratilgan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” maxsus interaktiv platformasining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Ushbu maxsus interaktiv platforma bolajonlarning davlat tilini qiziqarli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar orqali oson o‘zlashtirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Platformadan mashg‘ulot jarayonida bolalarda mustaqil fikrlash, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, kasblar bilan tanishishda ham foydalanish mumkin.
Shuningdek, bog‘chada tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati bilan ham tanishildi. Bu kabi to‘garaklar faoliyatini boshqa maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ommalashtirish, bolalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga bog‘cha paytidanoq o‘rgatib borish muhimligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligida tashkil etilgan vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishdi.
Yurt taraqqiyoti va uning kelajagi ilm-fanga intiluvchan, bilimli va tashabbuskor yoshlar salohiyati bilan uzviy bog‘liq. Shu bois, talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun xavfsiz va zamonaviy muhit yaratish, ta’lim muassasalari va talabalar shaharchalarida boshqaruv tizimini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5-yanvarda qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “Yoshlik” talabalar shaharchasida raqamli texnologiyalarga asoslangan vaziyatlar markazi tashkil etildi. Markaz talabalar xavfsizligini ta’minlash, hududdagi ijtimoiy muhitni real vaqt rejimida kuzatish, davomatni nazorat qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kompleks tizim sifatida faoliyat yuritadi.
Umumiy maydoni 1 ming 368 kvadrat metrni tashkil etuvchi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligi binosi 2024-yilda qurilgan. Uni mukammal ta’mirlash, vaziyatlar markazini tashkil etish va hududni obodonlashtirish ishlariga 33 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Bugungi kunda binoda vaziyatlar markazi bilan bir qatorda startap xonasi, oliy ta’lim tarixi muzeyi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda xotin-qizlar tadbirkorligi markazi joylashgan.
Vaziyatlar markazi shaharchadagi 41 ta talabalar yotoqxonasini qamrab olgan. Tizim orqali 75 mingga yaqin talaba, shu jumladan, yotoqxonalarda istiqomat qiluvchi 17,5 ming nafar yigit-qizning xavfsizligi ta’minlanadi. Ularning davomatini nazorat qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish imkoniyatlari ham mavjud.
Markaz 17 ta axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. Bu turli ma’lumotlarni yagona raqamli platforma orqali tezkor tahlil qilish va vaziyatga qarab zarur choralar ko‘rish imkonini beradi.
Tashrif doirasida davlatimiz rahbariga talabalar shaharchasida xavfsizlik va ijtimoiy muhitni real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlari hamda markazning ishlash tamoyillari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur tizim orqali talaba-yoshlar bilan tizimli ishlash va ularni o‘ylantirayotgan masalalarni tezkor hal etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Ushbu tajribani respublikadagi boshqa talabalar turar joylarida ham joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrif chog‘ida “ToshTech” texnika universiteti faoliyati bilan ham tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-sentabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan universitet oliy muhandislik ta’limini transformatsiya qilishda muhim qadam bo‘ldi. Loyihaning umumiy qiymati 69,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mazkur mablag‘lar evaziga Toshkent davlat texnika universitetining 7 qavatli o‘quv binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi hamda eng zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.
Ushbu oliygoh akademik, moliyaviy hamda tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Belgilangan dasturga ko‘ra, 2030-yilga qadar Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich ushbu yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilinadi.
Yangi universitetga yoshlarning qiziqishi juda yuqori bo‘ldi. 2026/2027 o‘quv yili uchun jami 1654 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Eng bilimli va iqtidorli deb topilgan 400 nafar talaba saralanib, o‘qishga qabul qilindi. Qabul qilingan ilk talabalarning barchasi 100 foiz davlat granti asosida ta’lim olmoqda. Mazkur imtiyoz saqlanib qoladi va 2029/2030 o‘quv yiligacha qabul qilinadigan talabalar ham to‘liq grant bilan qamrab olinadi.
Universitetda o‘quv jarayoni to‘liq ingliz tilida bo‘lib, darslar mahalliy olimlar bilan bir qatorda yuqori malakali xorijlik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
Talabalar sanoat muhandisligi va menejment, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi, materialshunoslik va nanotexnologiyalar kabi to‘rtta yo‘nalishda ta’lim oladi.
“ToshTech” xalqaro maydonda tan olingan ta’lim brendlari bilan integratsiyalashgan. Universitet dunyoning eng nufuzli oliygohlari, jumladan, Shanxay Szyao Tong (Xitoy), Milan politexnika universiteti (Italiya), Bremen konstruktor universiteti (Germaniya) hamda dunyoga mashhur “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.
Universitetning bosh maqsadi quruq nazariyadan voz kechib, talabalarni dastlabki kurslardanoq real sanoat loyihalari va murakkab muhandislik muammolari ustida ishlashga o‘rgatishdir. Shu sababli talabalar o‘qish davridayoq amaliyot o‘tashi va kelajakda kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun mamlakatimiz va dunyo sanoati gigantlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. Ular qatorida “ACWA”, “UzAuto Motors”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi yirik kompaniyalar mavjud.
Davlatimiz rahbariga universitetning kelgusi rejalari haqida ma’lumot berildi.
O‘qituvchi va talabalar bilan muloqotda “ToshTech” texnika universiteti yurtimiz sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiquvchi muhandislarning yangi avlodini yetishtirib beradigan innovatsion maskanga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.
– Yana bir bor takrorlayman, insonning mol-mulki, mavqei yoki boshqa moddiy boyliklari vaqtinchalik bo‘lishi yoki yo‘qolishi mumkin, ammo uning ongidagi, qalbidagi bilim va tajribani hech kim va hech qanday kuch tortib ololmaydi. Bilim insonning eng xavfsiz va eng foydali sarmoyasidir, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Davlatimiz rahbari universitet talabalari bilan suratga tushdi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi. Poytaxt tumanlari o‘z salohiyatidan kelib chiqib, aniq iqtisodiy yo‘nalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.
Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida yirik logistika majmualarini tashkil etish, markaziy tumanlarda zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish, Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalariga investitsiyalarni faol jalb qilish uchun katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani bo‘yicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal etishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashadi. Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha shu kunning o‘zida asoslangan takliflar Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.
Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Olmazor tumanida mahalla va ko‘chalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Yil boshidan tumandagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirildi.
Ayniqsa, Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar yaxshi natija bergani qayd etildi. Ilgari infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hududda 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etildi. Bu yerda yashovchi 5,5 ming nafar aholi uchun zamonaviy va qulay muhit yaratildi.
Ushbu tajribani Olmazorning yana 8 ta ko‘chasi va poytaxtning boshqa tumanlariga kengaytirish belgilandi. Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trillion so‘m ajratilgan. Shuningdek, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yilga mo‘ljallangan 10 trillion so‘mlik dastur ishlab chiqiladi.
Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1-noyabrga qadar yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish topshirildi.
Xizmatlar sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud. Bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlarga sharoit yaratiladi.
Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini ham yangi biznes loyihalari bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Birgina Olmazor tumanida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat ob’ekti savdoga chiqarilmoqda.
Shahar muhitini inson salomatligi va qulayligi nuqtai nazaridan rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etilgan. Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar bo‘yida shunday sayr hududlarini ko‘paytirish, jumladan, Bo‘zsuv kanali bo‘ylab 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqiladi.
Mahallalarda kichik biznes va xizmatlarni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ishga solinadi. Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshiriladi.
Olmazor tumanida shu imkoniyatlar hisobidan yil yakuniga qadar 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish, poytaxt bo‘yicha esa 10 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Miskin va Ibrohim ota mahallalaridagi 305 gektar sanoat zonasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingtadan 100 mingtaga, eksport hajmini 600 million dollarga yetkazish salohiyati mavjud. Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi moliyaviy vositalar taklif etiladi.
Bandlik masalasini hal etishda mehnat bozori talabiga mos kadrlar tayyorlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Olmazordagi ish beruvchilarga 5 mingga yaqin turli malakadagi xodimlar kerak.
Shu bois, Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar yo‘nalishida 400 o‘rinli texnikum, mavjud binolarda zamonaviy kasb-hunar markazlari tashkil etiladi. Germaniya bilan 500 kishiga mo‘ljallangan til kurslari, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash loyihalari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, rivojlangan davlatlardan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish belgilandi.
Yoshlar shaharchasidagi 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim ob’ektlaridan iborat innovatsion klasterni tashkil etish ishlari boshlanadi.
Olmazorning ta’lim va ilmiy salohiyatini to‘liq ishga solish masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Talabalarning o‘qishi va yashash sharoiti, bandligi, ijtimoiy ta’minoti, madaniy hayoti va xavfsizligini qamrab oladigan yaxlit boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida istiqomat qilayotgan qariyb 18 ming nafar yosh uchun munosib sharoit yaratish maqsadida alohida Direksiya tashkil etiladi.
Talabalar shaharchasidagi Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish tizimini yil yakunigacha poytaxtning boshqa tumanlariga, kelgusi yilda esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy etish topshirildi.
Maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish bo‘yicha ham qo‘shimcha vazifalar belgilandi. Olmazorda bu ko‘rsatkich hozir 67 foizni tashkil etmoqda. 441-sonli bog‘chada mavjud 385 o‘ringa qo‘shimcha 450 o‘rinli yangi bino qurish tajribasi asosida yil yakuniga qadar kamida yana 5 ta shunday loyihani boshlash belgilandi.
Poytaxtda kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanayotgani hisobga olinib, tirbandlikni faqat yo‘llarni kengaytirish hisobiga emas, intellektual transport tizimlarini joriy etish orqali ham hal qilish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda amaliy ishlarni yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Olmazorda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi ish uslubi natijalari ham tahlil qilindi. Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professor-o‘qituvchilarining tergovchilar bilan hamkorligi va talabalar uchun dual ta’lim tizimi profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Natijada tumandagi 64 ta mahallaning 13 tasida jinoyat sodir etilmagan, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar qolmagan, ayollar ishtirokidagi jinoyatlar 22 tadan 10 taga kamaygan. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish bo‘yicha Olmazor tajribasini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Energetika va kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashini ta’minlash hamda mahallalarni obodonlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Olmazor misolida ko‘rib chiqilgan yondashuv va vazifalar poytaxtning barcha tumanlariga birdek tegishli ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarning belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha axboroti tinglandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA muxbirlari