Ta’limda qog‘ozbozlikka o‘rin yo‘q
Keyingi yillarda ta’lim sohasidagi islohotlar jarayonida pedagoglarni ortiqcha qog‘ozbozlik, hisobotbozlikdan ozod etish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lmoqda.
Prezidentimiz bu masalaga Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ham to‘xtalgani bejiz emas. Zero, o‘quv-tarbiyaviy ishlarning natijadorligi va sifatini oshirish, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini ta’limga to‘laligicha yo‘naltirishda ustozlarni keraksiz hisobdorlik va qog‘ozbozlikdan ozod etish muhim ahamiyatga ega.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining hujjatlar soni ikki barobarga qisqartirilmoqda. Vazirlik maktab o‘quv jarayonida yuritiladigan hujjatlar sonini kamaytirmoqda.
Xalq ta’limi vazirining 2021 yil 1 iyuldagi buyrug‘i bilan shu kunga qadar maktablarda yuritilgan 10 dan ortiq o‘quv-pedagogik hujjatlar soni 2 baravarga qisqartirildi va elektron shaklda yuritilishi belgilandi. Endilikda soha xodimlari asosiy vaqtini “qog‘ozbozlik” yoki hisobotga emas, ta’lim sifatini oshirishga qaratadi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi 3 yilda o‘qituvchilarning hujjatlari 7 tadan 1 taga, sinf rahbarlariniki 10 tadan 2 taga, psixologlarniki 27 tadan 8 taga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariniki 19 tadan 4 taga qisqartirilgan. Endilikda esa navbat o‘quv jarayonlariga oid hujjatlarni qisqartirishga yetdi. Mazkur buyruq bilan maktab yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma (5.12.2001 y. 178-son buyrug‘i) bekor qilinib, yangi yo‘riqnoma tasdiqlandi.
N.Usmonova, O‘zA