Ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik
Navoiy davlat pedagogika institutida Malayziya davlatining Menejment va Fan Universiteti (MSU) bilan o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi janob Ravshan Usmonov ishtirok etdi.
Marosimda Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Sobirov va Menejment va Fan Universiteti rektori, professor Mohd Shukri Ab Yajid janoblari so‘zga chiqib, samarali hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishib oldilar.

Memorandum doirasida Menejment va Fan universiteti va Navoiy davlat pedagogika instituti birgalikda o‘zaro manfaatli xalqaro dasturlar bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra ikkala oliy ta’lim muassasalari ilmiy xodimlari va talabalar almashinuvi (shu jumladan bakalavr va magistrantlar), Akademik ma’lumotlar, materiallar va qo‘shma ilmiy nashrlar almashinuvi shuningdek, Xalqaro "Halol" Sertifikatlash o‘quv markazini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Islom merosini o‘rganish markazi tashkil qilinib, unda Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy merosini o‘rganish, shuningdek, hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA