Ta’lim – taraqqiyotning asosidir
Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahridagi Prezident maktabida qator xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ta’lim jarayonlari hamda yaratilgan shart-sharoitlarni yaqindan tanishtirish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashkil qilindi. Unda Germaniya, Hindiston, Shveysariya, Turkiya, Latviya, Italiya va Koreya davlatlari elchilari hamda KOICA, YUNISEF va YUNESKO tashkiloti rahbarlari ishtirok etib, o‘quvchilarning bilim va salohiyatini kuzatdi.
Shu o‘rinda O‘zA muxbiri tadbir ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini yozib oldi.
Aleksandros Makarigakis, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari:
– Prezident maktabidagi birinchi tashrifim chin ma’noda esda qolarli bo‘ldi. Maktabdagi o‘qitish tizimi xalqaro standartlarga mos tashkil etilganiga guvoh bo‘ldim. Ushbu ta’lim muassasasi iqtidorli o‘g‘il-qizlarga oliy maqsadlar yo‘lidagi parvoz maydoni bo‘lishi shubhasiz. Xususan, o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashiga qaratilgan darslar tashkil etilgani bu o‘rinda juda ahamiyatli. Shu bilan birga, matematikani chuqurlashtirib o‘qitilishi, ushbu fanga qiziqishni yanada rag‘batlantirilishi meni quvontirdi. Umuman olganda, Prezident maktabining zamonaviy kasblarga yo‘nalgani va xalqaro tajribaga asoslangani ushbu maktabning o‘ziga xos jihatlaridan biri hisoblanadi.
Munir Mamedzade, YUNICYeF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
– Bunday yuksak darajadagi maktablarning nafaqat mamlakat poytaxtida, balki barcha hududlar markazida tashkil etilishi quvonarli hodisadir. Maktabda eng avvalo, qurilish, jihozlash, o‘qitish, o‘qish uchun shart-sharoitlar davr talabiga muvofiq, mukammal amalga oshirilgan. Bu yerdagi ta’lim sifati esa o‘quvchilarga bugungi bozorda qadrlanadigan kasb egalari bo‘lib yetishishlariga yordam beradi. Prezident maktablarining xususiy shaklda bo‘lmay, balki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi alohida ahamiyatga ega. Prezident maktablari tajribasining keyinchalik mamlakatdagi barcha maktablarga joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Men bugungi tashrifimdan juda katta taassurot oldim. Umid qilaman-ki, bu turdagi maktablarda tahsil oluvchilar yangi-yangi muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishda davom etadi.
Dr. Tilo Klener, Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Prezident maktablari faoliyati nihoyatda muhim loyiha va men bugungi tashrifim davomida maktabdagi ta’lim tizimi, imkoniyatlari haqiqatda yuqori darajada ekaniga amin bo‘ldim.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universiteti Germaniyaning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda ish olib boradi. Aniq ayta olaman-ki, bu universitet nafaqat O‘zbekiston yoshlari uchun o‘ziga xos imkoniyat, balki ikki davlatning do‘stona hamkorligi namunasi hamdir. Ushbu hamkorlikdan umidimiz katta!
Konstantin Obolenskiy, Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Prezident maktablari iqtidorli o‘quvchilari va chiroyli binosi bilan menda alohida taassurot qoldirdi. Ta’lim – taraqqiyotning asosidir. bugungi kunda ilmga asoslangan ta’lim bilan bir qatorda texnik ta’lim ham alohida ahamiyatga ega. Zero, har bir jamiyat zamonaviy texnologiyalarga va yaxshi kadrlarga, bu borada esa shubhasiz sifatli ta’limga ehtiyoj sezadi. Shveysariya mazkur sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalariga ega. Hududlarda ham Prezident maktablarining tashkil etilishi, birinchi navbatda xalqqa – odamlarga yaqinroq borish va butun mamlakat bo‘ylab iste’dodlarni topishga yordam beradi".
Manish Prabhat, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Prezident maktabidagi shart-sharoitlar va zamonaviy jihozlangan sinfxonalar menda alohida taassurot uyg‘otdi. Biroq, meni hayratga solgani – bu ayniqsa, ushbu maktab o‘quvchilari bo‘ldi. Ularning bilim-salohiyati, o‘ziga ishonchi va fikrini aniq tushuntira olish mahorati mazkur maktabda olib borilgan ta’lim tizimining nihoyatda to‘g‘ri tashkil etilganini ko‘rsatadi. O‘zbekistondagi Prezident maktablarini Respublikadagi eng namunaviy bilim dargohlaridan biri, deb ishonch bilan ayta olaman.
Dr. Olgan Bekar, Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Prezident maktablari juda yaxshi loyiha. Mazkur ta’lim dargohi yurtingizdagi iqtidorlarni kashf etishda hamda ularni jamiyat taraqqiyoti uchun foydali kadrlar qilib yetishtirishda muhim rol o‘ynaydi. Biz ham O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, kelajakda bu borada ikki tomonlama loyihalar ishlab chiqishga alohida ahamiyat beramiz. Aytish mumkinki, bu maktab menda chuqur taassurot qoldirdi. Men bu maktablar loyihasiga mehnati singgan jamoaga alohida tashakkur izhor etmoqchiman.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA