Ta’lim sohasidagi rahbarlar Singapurda malaka oshirishi mumkin
O‘zbekiston delegatsiyasining Singapurga tashrifi davomida Ta’lim inspeksiyasi vakillari Singapur Ta’lim vazirligi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori o‘rinbosari Sindi Yu bilan uchrashib, ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo bitim loyihasini muhokama qildi.
Muhokamalar jarayonida Sindi Yu xonim ushbu bitim ta’lim sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish va hamkorlik qamrovni kengaytirish uchun muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, bitimda ta’lim turlarining barchasini (maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, professional ta’lim, oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim) qamrab olish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Hatamjon Ketmonov tomonidan bitim loyihasida qo‘shimcha hamkorlik yo‘nalishlari sifatida kattalar ta’limi, malaka oshirish va inson resurslarini rivojlantirishni ham kiritishni taklif qildi.
Shuningdek, Sindi Yu xonim O‘zbekistonda ta’lim boshqaruvida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat xizmatchilarining institutsional salohiyatni oshirish maqsadida ta’limga mas’ul davlat organlari rahbar xodimlarining (xususan, vazir va vazir o‘rinbosarlarini) Singapur Ta’lim vazirligida malaka oshirishlarini tashkil qilish imkoniyati haqida ma’lumot berdi.
Tomonlar ushbu takliflar asosida bitim loyihasini yanada takomillashtirishga kelishib oldi.
M.Qosimova, O‘zA