Ta’lim sifati yanada yaxshilanadi
Mamlakatimiz Bosh Qomusi qabul qilinganligining 28 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan Andijon davlat tibbiyot institutining 2-o‘quv-laboratoriya binosi institut o‘qituvchi va talabalari uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Joriy o‘quv yilida Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olish istagida bo‘lgan yoshlarning soni ikki baravarga ortdi. Ana shundan kelib chiqib, qolaversa, institut moddiy-texnik bazasini mustaxkamlash va rivojlantirish maqsadida mavjud o‘quv binolari, talabalar turarjoylari, institut hududiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan mukammal va joriy ta’mirlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Andijon shahri A.Fitrat ko‘chasida joylashgan 2-o‘quv-laboratoriya binosi kapital ta’mirlanib, qo‘shimcha 400 o‘rinli yangi bino qurildi.
Umumiy loyiha qiymati 16 milliard 607 million so‘mga teng o‘quv-laboratoriyasi binosi ta’mirlash-qurilish ishlari Andijon shahridagi “Azimut stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi.
– Qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan talablar hamda belgilangan muddatda sifatli yakunlandi, – deydi “Azimut stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori Davlatxon Qodirova. – Bu yerda talabalarning puxta bilim olish, laboratoriya sinovlarini o‘tkazishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, binolar eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Yangi o‘quv-laboratoriya binosida 2 ta 120 o‘rinli, 2 ta 40 o‘rinli ma’ruza zali, 100 ga yaqin o‘quv auditoriyalari zamanoviy kompyuter, proyektor, televizor hamda laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan.
Mazkur binoda institutning mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya, farmakologiya va klinik farmakologiya, ijtimoiy gumanitar fanlar, tibbiy biologiya va gistologiya, umumiy gigiyena, ijtimoiy gigiyena va sog‘liqni saqlashni boshqarish, tibbiy kimyo, biologik kimyo, tillar, pedagogik va psixologiya kafedralari faoliyat olib boradi.
Institutning yangi o‘quv-laboratoriya binosi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Viloyat hokimi institut professor-o‘qituvchilari, institutning “Yosh volonyorlar” jamoasi bilan muloqotda bo‘lib, ularning malakali tibbiy mutaxassislar tayyorlash, yosh volontyorlarning aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi targ‘ibot ishlarida omadlar tiladi.
[gallery-320]
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat),O‘zA