Ta’lim istiqboliga ishonch ortdi
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasini faxrlanib, katta qiziqish bilan tingladim.
Ma’lumki, o‘zgarishlar davrida ta’lim tizimi, ijtimoiy jarayonlardan kelib chiqqan holda, shiddat bilan rivojlanishni taqazo etadi. Zero, ta’lim orqali jamiyatda kelajakdagi vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan yangi avlod shakllantiriladi.
Prezidentimiz tomonidan 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb e’lon qilinishi zamirida aynan shu kabi masalalar yotibdi. “Agar ta’lim bo‘lsa, bilim bo‘lsa, sifat o‘zgaradi. Ta’lim bo‘lmasa, sifat o‘zgarmasa, e’tibor ham o‘zgarmaydi”. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ta’lim sifatini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir. Yusuf Xos Hojibning ta’biri bilan aytgandek, “Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi, bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi“. Shuning uchun ushbu sohada boshlangan islohotlar davom ettiriladi.
O‘zbekistonda badiiy ta’lim sohasida mutaxassis kadrlarni yetishtirib chiqaradigan Kamoliddin Behzod Milliy rassomlik va dizayn institutida ham 2021-2022 yillarda ilmiy-ijodiy va innovatsion g‘oyalarni qo‘llagan holda ko‘plab yangi loyihalar yaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilda institutda 3 ta innovatsion ahamiyatga ega bo‘lgan amaliy grant loyihasi yakuniga yetkazildi. O‘zbek milliy etnomadaniy tantanavor liboslarining mobil ilovasini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotda etnomadaniy, tarixiy liboslarimiz haqida faqat kitoblarda, ilmiy tadqiqotlarda cheklanib qolmasdan, masalaga innovatsion yondashgan holda targ‘ib etish, bu orqali yosh avlodga o‘zligimizni chuqur singdirish, badiiy-estetik didini tarbiyalash, yuksaltirish – bosh maqsad sifatida belgilanib olindi. O‘zbek milliy etnomadaniy liboslari tarixi va san’atini keng targ‘ib etish hamda xorijga tanitish maqsadida mobil ilova “Google Play Market” va “App Store” ilovalar do‘konida yo‘lga qo‘yildi.
Mobil ilovada joy oladigan o‘zbek etnomadaniy tantanavor liboslarga oid ma’lumotlardan tadqiqotchi mutaxassislar o‘z ilmiy faoliyatlarida foydalanishlari mumkin. Ta’kidlash kerakki, etnomadaniy libos xalqlarning milliy o‘zligini, etnik belgilarini ko‘rsatuvchi mezon, nafaqat urf-odat, milliy qadriyat, ijtimoiy munosabatlarini, balki diniy e’tiqodi, nafosat va estetik normalarini ifodalovchi moddiy-ma’naviy yodgorlik sanaladi.
Ilmiy innovatsion loyihalar muzeylar bilan institut o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani ko‘rsatmoqda. Jumladan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidagi noyob eksponatlarning 3D animatsiyali virtual galereyasini yaratish nomli amaliy loyihada O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida arxeologiya, numizmatika, etnografiya, badiiy asarlar va boshqa fondlarga oid 340 mingdan ortiq saqlanib kelinayotgan osori atiqalarning 3D animatsiyali virtual galereyasi yaratildi.
O‘zbekiston badiiy ta’lim tizimida onlayn muzey elektron galereyasini yaratish amaliy loyihasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bazasidagi mavjud 600 ga yaqin ijodiy ishlarning elektron ilmiy pasporti tasvirlari o‘zbek, rus, ingliz tillarida ishlab chiqildi.
Shuningdek, XX asr O‘zbekiston badiiy ta’limining boshlang‘ich, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tarixini o‘rganish bo‘yicha faktologik ma’lumotlar uch tilda onlayn muzey saytiga joylashtirildi. Bu badiiy ta’lim rivojidagi umumiy qonuniyatlarni ijodiy ishlar tasviri integratsiyasi asosida yangilangan nuqtai nazardan ko‘rib chiqishga imkoniyat beradi. Tarixiy jarayonlarni o‘rganish asosida badiiy ta’lim rivojining asosiy bosqichlariga mansub kam o‘rganilgan yoki avvallari noma’lum bo‘lgan manbalar ilk marotaba tahlil etilgan va shakllanishi, tamoyillari, xususiyatlari yoritilgan.
2023 yilda ilm-fanga berilgan yuksak e’tibordan ilhomlangan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ilmiy jamoasi ham o‘z oldiga katta marralarga erishishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu borada Murojaatnomadagi fikrlar menga juda katta motivatsiya berdi.
“Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu – 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p, degani. Kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratiladi. Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur”, dedi davlatimiz rahbari.
Ishonchim komilki, bu borada boshlangan islohotlar izchil davom ettiriladi va yoshlarni yurtga, Vatanga, xalqimizga sadoqat ruhida o‘stirish, buyuk ajdodlarimizga munosib ta’lim-tarbiya berish masalasi har doim eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi. Bunday ezgu harakatlar ro‘yobini ta’minlashda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi dasturilamal bo‘lishi, shubhasiz.
Dilafro‘z QURBONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va
dizayn instituti prorektori,
tarix fanlari doktori
O‘zA