Talabalar “Zakovat”da bellashdi
Poytaxtimizda Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi hamda “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida davlat va nodavlat OTMlar jamoalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, mantiqiy fikrlash qobiliyatini charxlash va bilimga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada mamlakatimizda keng quloch yoygan "Zakovat" intellektual harakati minglab bilimdon yoshlarni birlashtiruvchi ulkan platforma vazifasini o‘tamoqda.

Turli OTMlardan tashrif buyurgan eng sara jamoalar qiziqarli savollar orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Keskin kurash ruhida o‘tgan o‘yin yakunida g‘olib jamoalar aniqlandi.

Jumladan, 1-o‘rinni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi egalladi. 2-o‘rin Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasiga, 3-o‘rin Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasiga nasib qildi.

G‘olib va sovrindor jamoalar sertifikat hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
G.Boboyeva,
O‘zA