Talabalar uyida turib oʻqishni boshladi
Andijon davlat tibbiyot institutida karantin sharoitida masofaviy taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyildi. Talabalar oʻz uylarida turib oʻqishni boshladi.
Andijon davlat tibbiyot institutida karantin sharoitida masofaviy taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyildi. Talabalar oʻz uylarida turib oʻqishni boshladi.
Jahonning aksariyat mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi tufayli oʻquvchi va talabalarga oʻz uylarida qolgan holda taʼlim berish shakllari joriy etilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham bu borada eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Andijon davlat tibbiyot institutida navbatdan tashqari taʼtil davomida talabalarga bilim berish uchun masofaviy taʼlim dasturi joriy etilib, dars mashgʻulotlari boshlab yuborildi.
– Buning uchun eng avvalo, texnik imkoniyatlar yaratildi. Yaʼni institutda malakali mutaxassislar tavsiyalari asosida 700 GB hajmdagi elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirildi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madaminjon Madazimov. – Bazaga 118 mingga yaqin oʻquv-uslubiy, ilmiy asarlar va hujjatlar, shu jumladan sohaga oid oʻquv adabiyotlar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, tibbiy mavzudagi video va audio maʼruzalar, shuningdek, taqdimot, test savollardan iborat toʻplamlar – tibbiy maʼlumotlar banki ishga tushirildi.
Bundan tashqari, 7 ta bakalavriat taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha turli fanlardan 500 dan ortiq darslik, 5 ming 300 ta dastur, magistratura mutaxassisliklari yoʻnalishida esa 400 ga yaqin oʻquv dasturlari tayyorlandi.
Institutda “I-EDU Group” mutaxassislari tomonidan Moodle oʻquv jarayonini boshqarish platformasi (http://e-univer.adti.uz/) joriy etildi. Ushbu tizim orqali 2019/2020 oʻquv yilining bahorgi semestrida fanlar boʻyicha oʻzlashtirilishi kerak boʻlgan mavzular yuzasidan talabalarga tegishli bilim va koʻnikmalar beriladi hamda yakunda ularning olgan bilimlari on-line test tizimi orqali baholanadi.
Masofaviy taʼlim mashgʻulotlarida talabalar faol ishtirok etmoqda.