Talabalar shoirning uy-muzeyida bo‘ldi
Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘qituvchi va talabalari O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumanidagi Qovunchi mahallasida bo‘ldi.
Yoshlar ittifoqining institutdagi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan xalqimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf xotirasini ulug‘lash maqsadida uning tavallud kuni oldidan Marhamat tumanidagi Qovunchi mahallasiga sayohat uyushtirildi.
Sayohat qatnashchilari dastlab shoirning uy-muzeyida bo‘lib, shoir hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar, muzeyda saqlanayotgan qo‘lyozma va kitoblar bilan yaqindan tanishdi. Shoir xonadonida o‘tkazilgan mushoirada Muhammad Yusuf ijodining o‘ziga xos jihatlari xususida so‘z yuritildi, uning sodda, odamlar qalbiga yaqin she’rlari o‘qildi, ijodkor talabalar tomonidan shoirga bag‘ishlab yozilgan she’rlar o‘qildi.
[gallery-2108]
– Shoirning sodda, xalqona she’rlari juda ko‘p yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar qalbidan mustahkam joy olgan, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi instituti talabasi Gulnoza Ravshanova. – Chunki uning she’rlari samimiyligi, soddaligi bilan ko‘ngilning nozik tuyg‘ularini junbushga keltiradi, ayniqsa, Vatanni o‘zgacha sevishga, ardoqlashga undaydi.
Sayohat davomida talabalar shoir qabrini ziyorat qildi, uning insoniy fazilatlari haqida fikrlar bildirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (foto), O‘zA