Talabalar "O‘zsuvta’minot" mas’ullari bilan uchrashdi
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyat taraqqiyotidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Prezident tashabbusi bilan payshanba "Yoshlar kuni" sifatida belgilangani esa bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ayniqsa, turli sohalar rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlari ularning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday tadbirlar doirasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati taklifiga binoan soha vakillari bilan uchrashuvda ishtirok etdi.

Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan muloqotda jamiyat boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov suv ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimdagi yangilanishlar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
Talabalar tomonidan berilgan savollar orqali sohaning turli jihatlari, jumladan, ichimlik suvi ta’minoti, xalqaro hamkorlik loyihalari va yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida talabalar mutaxassislar hamrohligida “Bo‘zsuv” bosh suv inshootiga tashrif buyurdi. U yerda ular suvni tozalash, laboratoriya nazoratidan o‘tkazish va aholiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan bevosita tanishdi. Amaliy kuzatuvlar yoshlarda katta taassurot qoldirib, nazariy bilimlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olib, ichimlik suvining har bir tomchisi qanday mehnat va mas’uliyat evaziga yetib kelishini kuzatdi. Bu esa ularda suv resurslarini tejash, uni asrab-avaylash va qadrlash kabi muhim tushunchalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ahmad Suvonqulov uchrashuv davomida yoshlarning bilim olishga intilishi va tashabbuskorligini alohida ta’kidlab, ular mamlakat kelajagining asosiy tayanchi ekanini qayd etdi.
Tadbir yakunida bunday uchrashuvlar nafaqat muloqot, balki amaliy tajriba almashish maydoniga aylanayotgani, bu esa yoshlarning dunyoqarashi va kasbiy qiziqishlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutayotgani alohida e’tirof etildi.

Nilufar Bozorova, O‘zA